Uzbekistan Airways to‘rtinchi LET L-410 havo kemasini qabul qildi. Bu haqda aviakompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

Joriy yilning 7-aprel kuni Toshkent aeroportiga yetib kelgan LET L-410 samolyoti kutib olindi.

Havo kemasidan Uzbekistan Airways’ning sho‘ba korxonasi — Silk Avia brendi ostida tijoriy foydalanish mo‘ljallangan. Aviakompaniya bu orqali mintaqaviy aviatashuvlarni rivojlantirishni rejalashtirmoqda.

Hozirda Silk Avia flotida uchta LET L-410 havo kemalari mavjud hamda ular ichki yo‘nalishlarda, jumladan Nukus-Mo‘ynoq, Toshkent-Shahrisabz hamda Toshkent-Zomin yo‘nalishlarida parvozlarni amalga oshirmoqda.

2023-yilning iyun oyida Uzbekistan Airways Chexiyaning LET Aircraft Industries kompaniyasi bilan LET L-410 turbovintli havo kemalarini sotib olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Iyul oyiga kelib birinchi, avgust oyida esa ikkinchi LET L-410 samolyoti Toshkentga yetib keldi.

2024-yilning noyabrida esa Uzbekistan Airways uchinchi LET L-410 havo kemasini qabul qildi. Ikki dvigatelli samolyot qisqa yo‘nalishlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, 19 tagacha yo‘lovchini tashishi mumkin.

Yil boshida Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov Silk Avia aviakompaniya tarkibiga o‘tkazilganidan keyin, mahalliy qatnovlardagi samolyotlar soni 5 taga, haftalik qatnovlar soni 100 taga yetganini, samolyotlarni yana 2 taga ko‘paytirish rejalashtirilganini ma’lum qildi.

Avvalroq Shahrisabz aeroporti 26-martdan faoliyatini tiklagani haqida xabar berilgandi. Aeroport ikki haftalik tanaffusdan so‘ng muntazam yo‘lovchi qatnovlarini qabul qilishni boshladi.