Panorama Airways aviakompaniyasi hamda Gulbakhor Airways turfirmasi noqonuniy Umra tadbirlarini tashkil etish ortidan fuqarolarga qancha zarar keltirgani aniqlandi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali litsenziya va ruxsatnomaga ega bo‘lmagan turoperatorlarning fuqarolarni Saudiya Arabistoniga ziyoratga yuborish uchun arzon narx taklif etilgan reklamalarini aniqladi.

Xususan, Panorama Airways va Gulbakhor Airways tomonidan Umra ziyoratchilariga 25 mlrd zarar yetkazilgan. Jabrlangan fuqarolar soni esa 2 558 nafarni tashkil etadi.

Surxondaryo viloyati Bilolbek travel firmasining Jarqo‘rg‘on tumani filiali xodimi N.J. tegishli ruxsatnomasiz Umraga yuborishni va’da qilib, fuqaro M.A.ning 14,9 mln so‘m miqdoridagi pulini aldov yo‘li bilan olgan. Korxonaning Boysun tuman filiali mutaxassisi A.S. ham fuqaro X.M.ning ishonchiga kirib, firibgarlik yo‘li bilan $2 200 olgan.

Yuqoridagi holatlarga ko‘ra, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan fuqarolarni aldab va ishonchiga kirib, pullarini o‘zlashtirayotgan, aholini xorijda sarson qilayotgan sayyohlik firmalari va turoperatorlariga tegishli choralar ko‘rilgan.

Qo‘mita fuqarolardan Umra tadbirlarida firibgarlarga aldanib qolmaslik uchun xavfsiz, ishonchli va kafolatlangan hamda tegishli litsenziyaga ega turoperatorlar xizmatlaridan foydalanishni tavsiya etmoqda.

Noto‘g‘ri, ishonchsiz va shubhali reklama axborotlari kuzatilsa va sayyohlik korxonalardan zarar yetkazsa, 1159 yagona ishonch raqamiga murojaat qilish mumkin.

Panorama Airways bilan nima sodir bo‘lgandi?

2024-yil boshida Panorama airways tomonidan parvozlarning kechikishi natijasida fuqarolarning Umra safaridan qayta olmayotganligi ma’lum bo‘ldi. 2−4 fevral kunlari Saudiya Arabistonida qolib ketgan 3 mingdan ortiq fuqarolar O‘zbekistonga qaytarildi. Turizm qo‘mitasi jabr ko‘rganlar murojaat qilishlarini hamda yetkazilgan zarar sud qarori bilan undirib berilishini ma’lum qildi.

Undan keyin Panorama Airways" xususiy aviakompaniyasi mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Uning doirasida 1 nafar shaxsga nisbatan “qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Aviakompaniya bilan hamkorlik qilib, o‘zbekistonliklarni ziyoratga olib borgan, ularni qaytarib kelmagan 39 ta turfirmaga ham jinoyat ishi ochildi. Transport prokuraturasi Turizm qo‘mitasidan turoperatorlar faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishni so‘radi. Bular qatorida Gulbakhor Airways, Mabrur Tur, Ravza Tur, Ramazon Travel, Fayz Turizm hamda Hizmat Travel kabilar bor.

Panorama Airways va turfirmalar Umra tadbirlari uchun 3 931 nafar o‘zbekistonlikning “juda ko‘p miqdordagi pullarini aldash va ishonchni suiiste’mol qilish” yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Natijada, Turizm qo‘mitasi ayrim turoperatorlarning Umra safarini amalga oshirish uchun litsenziyalarini vaqtinchalik to‘xtatishi ma’lum qilindi.

O‘zbekistonda Umra tadbirlarini tashkil etish

2024-yilning iyun oyida qabul qilingan qaror bilan Umra ziyorati bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish litsenziyalanadigan faoliyatning alohida turi sifatida belgilandi. Litsenziya berish vakolati esa Turizm qo‘mitasidan Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga berildi.

Sentabr oyida qo‘mita mazkur tadbirlarni tashkil etayotgan turoperatorlarga ogohlantirish bilan chiqib, yangi talablar 5-oktabrdan kuchga kirishini, turoperatorlar litsenziyalari mazkur sanagacha amalga qilishini qayd etdi.

Undan keyin, 12-oktabrga kelib, hukumatning tegishli qarori qabul qilindi. Unda turistik tashkilotlar mazkur xizmatlar uchun yangi talablar asosida litsenziya olishlari kerakligi belgilandi.

15-oktabr kuni qo‘mita yangi talablar asosida litsenziya olish uchun arizalar qabulini e’lon qildi. Noyabr oyida, tanlov natijasida “Umra” ziyoratini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun 12ta turoperatorga litsenziya berildi.

Spot litsenziya olishdagi yangi talablar yuzasidan bir qator turoperatorlar bilan suhbatlashib, bu qanday qiyinchiliklarga olib kelgani, narxlarga qanday ta’sir qilishi hamda kelgusida kutilayotgan natijalar haqida fikrlarini o‘rgangandi.

Avvalroq Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra litsenziyasini olish uchun arizalar qabul qilayotgani haqida xabar berilgandi. Nomzodlar hujjatlarni 7-aprelgacha jo‘natishlari mumkin.