Yandex Uzbekistan o‘zining Yandex Market elektron savdo maydonchasini ishga tushirdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spot’ga xabar berdi.
Xizmatning o‘ziga xos jihatlari orasida — “bir bosishda” yetkazib berishning yangi formati, bo‘lib to‘lash imkoniyati, shuningdek, Yandex Factory — kompaniyaning shaxsiy ishlab chiqarish yo‘nalishi mahsulotlari bor.
Marketpleysdan buyurtma berish Yandex Go ilovasi yoki market.yandex.uz sayti orqali amalga oshiriladi.
Unda elektronika, maishiy texnika, uy va ta’mirlash buyumlari, kiyim-kechak va poyabzal, go‘zallik vositalari kabi mahsulotlarni xarid qilish mumkin.
Ayni paytda Market Toshkent shahri va qisman Toshkent viloyatida faoliyat yuritmoqda. Kelgusida xizmatning geografiyasi bosqichma-bosqich kengaytiriladi.
Buyurtmalarni ilova yoki saytda bank kartasi orqali, shuningdek, MTPda naqd pul yoki karta bilan to‘lash mumkin. Marketpleysda Yandex Split xizmati orqali bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud.
Marketpleysda Yandex Split xizmati orqali bo‘lib to‘lash imkoniyati ham mavjud. Unga ko‘ra, xaridor mahsulot narxining bir qismini to‘laydi, qolgan summa esa belgilangan jadval asosida yechiladi. Hozirda 2, 4 va 6 oylik bo‘lib to‘lash variantlari mavjud.
Yangi foydalanuvchilar uchun POCHIN promokodi bilan Market’da birinchi buyurtmaga 50% chegirma taqdim etiladi. Maksimal chegirma — 80 ming so‘m. Chegirmadan 2025-yil 31-maygacha foydalanish mumkin.
2024-yilning dekabr oyida Yandex kompaniyasi Yandex Market savdo belgisini O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun Adliya vazirligiga to‘rtta ariza topshirdi. Ulardan biri Yandex Market, boshqalari Market Yandex Go yozuvini o‘z ichiga oladi. Joriy yilning mart oyiga kelib Rossiyada marketpleysining mamlakatda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Yandeks Market marketpleysi 2018-yilda Yandex’ning Sber bilan qo‘shma loyihasi sifatida tashkil etilgan. 2020-yilda bank Yandeks.Dengi (hozirgi YooMoney) loyihasining 25%i evaziga savdo maydonchasidagi o‘z ulushini texnologik kompaniyaga o‘tkazdi.