Germaniyaning Audi avtomobil ishlab chiqaruvchisi (Volkswagen guruhiga kiruvchi) AQShdagi hamkorlariga mamlakatga yetkazib berishni to‘xtatgani haqida xabar berdi, deb yozmoqda Spiegel.
Qayd etilishicha, 2025-yil 2-apreldan keyin olib kelingan mashinalar dilerlarga berilmaydi va sotuvga chiqarilmaydi.
Kompaniyaning AQShda ishlab chiqarish korxonasi mavjud emas — barcha modellar Amerika bozoriga boshqa mamlakatlardan, jumladan, Germaniya, Vengriya, Slovakiya va Meksikadan yetkazib beriladi.
Hozirda AQShdagi Audi omborlarida yangi bojlar kuchga kirgunga qadar mamlakatga olib kirilgan 37 mingga yaqin avtomobil mavjud. Dilerlar ularni avvalgi narxlarda sotishlari mumkin, zaxiralar taxminan ikki oyga yetadi.
2025-yil mart oyi oxirida Donald Tramp AQShga yengil avtomobillar va yengil tijorat yuk mashinalari, shuningdek, ular uchun ehtiyot qismlar importiga 25%lik boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Tahlilchilar AQShda avtomobillar narxi “minglab dollarga” ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Avvalroq Spot Audi 2029-yilgacha Germaniyada 7500 ta ish o‘rnini qisqartirishi haqida yozgandi.
Qisqartirishlar mamlakatdagi xodimlarning taxminan 14%ini tashkil etadi, biroq zavod ishchilariga ta’sir ko‘rsatmaydi.