Xitoy ishtirokida O‘zbekistonning ikkita hududida yangi muqobil elektr stansiyalarini qurishga kelishildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Birinchi Samarqand xalqaro iqlim forumi doirasida vazirlik hamda Xitoy kompaniyalari o‘rtasida “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish borasidagi investitsiya bitimi imzolandi.

Xususan, SANY Renewables International Investment Co., Ltd kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasini qurishga kelishildi. Uning quvvati 1000 MVtni tashkil etadi.

Ikkinchi loyiha Liquip International kompaniyasi bilan Jizzax viloyatining Forish tumanida 500 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasini qurishni nazarda tutadi.

2030-yilgacha mamlakatda 19 ming MVt “yashil” quvvatlarni barpo etish orqali qayta tiklanuvchi energiya ulushini 54%ga yetkazish rejalashtirilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda 500 GVt quyosh, 100 GVt shamol va 10 GVt gidroenergetika ishlab chiqarish salohiyati mavjud.

Avvalroq Energiya samaradorligi milliy agentligi tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Aholiga energiya auditini o‘tkazish, quyosh panellari va geliokollektorlar o‘rnatish xarajatlari uchun 18,75 mln so‘mgacha subsidiya beriladi.