Joriy yilning dastlabki ikki oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston gazning sof eksportchisiga aylandi. Bu haqda Spot o‘rgangan Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotida keltirilgan.
Yanvar-fevral oylarida Turkmaniston va Rossiyadan “ko‘k yoqilg‘i” importi deyarli uch baravarga — $35,8 mlngacha kamaydi. Yanvar oyida tabiiy gaz yetkazib berish $27,8 mlnni tashkil etib, 2024-yilning shu davriga nisbatan 5,4 barobarga o‘sdi, biroq fevral oyida $8 mlngacha kamaydi.
Yil boshidan beri Xitoyga gaz eksporti yarmidan ko‘proqqa oshib, $42 mlnga yetdi. Xususan, yanvar oyida Xitoyga $21,8 mln (2024-yil yanvariga nisbatan o‘sish 9%), fevral oyida esa $20,2 mln (uch barobar o‘sish) gaz yetkazib berildi.
Biroq, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlari Xitoy Bojxona bosh boshqarmasi ma’lumotlaridan sezilarli darajada farq qiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston yanvar-fevral oylarida $49,4 mlnlik gaz eksport qilgan, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 13,85% ga kam.
Bundan tashqari, Xitoy bojxonasi O‘zbekistondan tabiiy gaz yetkazib berishning oylik hajmi yanvar oyidagi $26,1 mlndan (oldingi davrga nisbatan 32,6% ga pasayish) fevral oyida $23,3 mlngacha (o‘sish 25,2%) qisqarganini ma’lum qildi.
Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha yetakchilik Rossiyaga o‘tdi, mamlakat joriy yilning dastlabki ikki oyida $1,75 mlrdlik “ko‘k yoqilg‘i” yetkazib bergan. Turkmaniston esa $1,38 mlrd bilan kutilmaganda ikkinchi o‘ringa tushdi. Keyingi o‘rinlarda Myanma ($277,1 mln), Qozog‘iston ($170,2 mln), shuningdek, AQSh va Italiya turibdi.
Avvalroq yil boshidan buyon O‘zbekistonda dizel ishlab chiqarish 40% ga, benzin ishlab chiqarish esa 21% ga tushib ketgani haqida xabar berilgandi.