O‘zbekiston fevral oyida dunyoning eng yirik oltin sotuvchisiga aylandi. Bu haqda Jahon oltin kengashi (World Gold Council) hisobotida keltirilgan.

Fevral oyida jahon markaziy banklarining oltin zaxiralari 24 tonnaga oshdi. Polsha 29 tonna qimmatbaho metall xaridi bo‘yicha yetakchilik qildi va bu ketma-ket 11-chi sof oltin sotib olish oyi bo‘ldi. Keyingi o‘rinlarda Xitoy (5 tonna), Turkiya, Iordaniya (har biri 3 tonnadan), Qatar va Chexiya (har biri 2 tonnadan) joylashdi.

O‘zbekiston Markaziy banki 12 tonnalik sof oltin sotdi. Sotuvlar bo‘yicha ikkinchi o‘rinni 8 tonna qimmatbaho metall savdosi bilan Qozog‘iston egalladi.

Yanvar oyida O‘zbekiston 8 tonna oltin bilan Xitoy va Qozog‘istonni ortda qoldirib, dunyodagi eng yirik oltin xaridoriga aylandi. O‘shanda qimmatbaho metalning asosiy sotuvchilari ro‘yxatiga Rossiya, Iordaniya (3 tonnadan) va Qirg‘iziston (2 tonna) regulyatorlari kiritilgandi.

markaziy bank, oltin, oltin-valyuta zaxiralari

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, fevral oyida O‘zbekiston yanvar oyidagi tanaffusdan so‘ng $1,73 mlrdlik oltin sotgan — bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 31,3% ga ko‘pdir.

Bundan tashqari, Markaziy bankning oltin-valyuta zaxiralari ketma-ket ikkinchi oy rekordni yangilab, $47 mlrddan oshdi. Mart oyida xalqaro aktivlar hajmi $2,91 mlrdga o‘sdi, valyuta zaxiralari esa $10 mlrddan ortiqqa ko‘paydi.

Avvalroq O‘zbekistonda oltin quymalari narxi rekordlarni yangilashda davom etayotgani haqida xabar berilgandi.