Ilon Maskning boyligi Donald Tramp tomonidan joriy etilgan bojlar tufayli jiddiy zarar ko‘rdi.
Bunday holat esa Maskning “Tesla” transmilliy avtomobil kompaniyasi aksiyalarining qulashiga olib keldi.
Trampning tariflari Maskga qattiq ta’sir qilib, uning boyligini $300 mlrddan pastga tushirgan. Tesla egasi dushanba kuni $4 mlrddan ko‘proq yo‘qotdi.
“Bloomberg” reytingiga ko‘ra, 8-aprel holatiga Maskning boyligi qariyb $135 mlrdga kamayib, $298 mlrdni tashkil etmoqda.
AQSh Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) rahbari va milliarder Ilon Mask Donald Trampga shaxsan murojaat qilib, bir qator mamlakatlardan importga yangi bojlarni qayta ko‘rib chiqishni to‘g‘ridan-to‘g‘ri taklif etdi.
“Urinish… hozircha natija bermadi: Tramp dushanba kuni Xitoydan importga 50%lik yangi bojlar kiritish bilan po‘pisa qildi”, — deya xabar bermoqda The Washington Post.
Nashr eslatishicha, Mask ilgari AQSh rahbarining yetakchi maslahatchisi Piter Navarroni qattiq tanqid qilgan edi. Navarro Trampning keng ko‘lamli bojlarni joriy etish qarorlarini qabul qilishida muhim rol o‘ynagan.
Navarro o‘z navbatida Maskni boshqa mamlakatlardan keltirilgan qismlarga qaram bo‘lgan “avtomobil yig‘uvchi” deb atadi.
“U avtomobil sohasi odami. Bu uning mashg‘uloti va u arzon chet el ehtiyot qismlarini xohlaydi”, — dedi Navarro.
Avvalroq Donald Tramp kelajakda Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish departamenti (DOGE) o‘z faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi.
Ilon Mask hukumatga cheklangan muddatda — yiliga atigi 130 kun yordam berayotgani va Trampning aytishicha, u tez orada o‘z kompaniyalarini boshqarishga qaytadi.
“Men uni iloji boricha uzoqroq muddat saqlab qolardim. U juda iste’dodli yigit. Bilasizmi, men nihoyatda aqlli odamlarni yoqtiraman, u esa haqiqatan ham aqlli va ishini a’lo darajada bajarmoqda”, deya qo‘shimcha qildi Tramp.
Mask ketganidan so‘ng DOGE o‘z faoliyatini davom ettiradimi, degan savolga Tramp federal agentliklar rahbarlari allaqachon “ko‘p narsani o‘rganib olishgani” va bu ishni mustaqil ravishda amalga oshira olishlari mumkinligini aytdi. Prezident ularning ba’zilari DOGE xodimlarini saqlab qolishni xohlashlari mumkinligini taxmin qildi.
Yaqinda Fox News telekanaliga bergan intervyusida Mask, shuningdek, tez orada Oq uyni tark etishini ma’lum qildi.