Avvalroq 2026-yildan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari 104 tadan 72 taga qisqartirilishi ma’lum qilingandi. Undan xonalarni tozalash, mebel yig‘ish, avtomobillarni ta’mirlash, kosmetolog hamda soatsozlik kabilar chiqariladi.

Bundan maqsad tadbirkorlik faoliyatida teng sharoit yaratish va rivojlantirishga qaratilgan. Bu haqda 1-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Uning qayd etishicha, o‘zini o‘zi band qilganlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarining kengaytirilishi mamlakatdagi tadbirkorlar faoliyatini to‘liq legallashtirishga qaratilgan. U bu tartib natija berganini hamda 4 mlndan ortiq fuqaro o‘zini o‘zi band qilgan holda faoliyat ko‘rsatishini qo‘shimcha qildi.

“Bu quvonarli. Lekin, muammo shundaki, bu [ro‘yxat qisqartirilishi] tadbirkorlarga teng shart-sharoit yaratishdir. Bizning asosiy maqsadimiz soliq tushumlari emas. To‘g‘ri, kerak, lekin, eng ustuvor vazifa bir xil toifadagi tadbirkor uchun bir xil sharoit yaratib berish, ya’ni tadbirkorlikni rivojlantirishdir”, — dedi Mubin Mirzayev.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosarining ta’kidlashicha, biznesga nisbatan to‘sqinliklarni to‘g‘rilash kerak, bu tadbirkorlarning noto‘g‘ri yoki noqonuniy yo‘lga kirishlarining oldini oladi. Ikki xil sharoitga ega tadbirkorlik faoliyati esa raqobat muhitini buzadi va ishlash imkoniyatini bermaydi.

Mubin Mirzayev o‘zini o‘zi band qilganlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlarining ro‘yxati bitta fuqaro bitta faoliyat bilan bitta o‘zi shug‘ullana olishidan kelib chiqib shakllantirilganini qayd etdi.

Hozirda mazkur ro‘yxat Soliq qo‘mitasida xufiyona iqtisodiyot bo‘yicha muhokama qilinmoqda. Qo‘mita vakili ro‘yxat yuzasidan fikr-mulohazalar qabul qilinishini, uning asosida faoliyat turlari yana ko‘rib chiqilishini bildirdi.

“Biz tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni alohida, o‘zini o‘zi band qilganlar ro‘yxatini alohida qayta ko‘rib chiqib, ularga bir xil shart-sharoit yaratib berishga harakat qildik”, — deya xulosa qildi Mubin Mirzayev.

O‘zini o‘zi band qiladigan shaxslar uchun ishlar va xizmatlar turlarining yangi ro‘yxati bilan havola orqali tanishish mumkin.

Avvalroq O‘zbekistonda boy aholini soliqqa tortishning alohida tizimini yaratish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi. Soliq qo‘mitasi eng yuqori hamda xorijda olingan daromadga ega bo‘lgan jismoniy shaxslarning to‘liq bazasini shakllantiradi.