Xitoyning Shandong Aipurui Steel Plate kompaniyasi Farg‘ona viloyatida zavod tashkil etishni rejalashtirmoqda, deya xabar berdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov kompaniya rahbari Xan Zong Bai boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Unda Toshloq tumanidagi Taraqqiyot sanoat zonasida amalga oshirilayotgan metallni qayta ishlash zavodi loyihasi qurilishining borishi muhokama qilindi.

Xitoyning kompaniyasi bilan tashkil etilayotgan loyiha uch bosqichdan iborat bo‘lib, uning qiymati $120 mlndan ortiqni tashkil etadi.

Qayd etilishicha, mazkur zavodning ishga tushirilishi bilan 500 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Loyihaning birinchi bosqichi oktabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Sifatli va raqobatbardosh qayta ishlangan temir mahsulotlarini ichki ehtiyojlarni qoplash bilan bir qatorda tashqi bozorga ham eksportga chiqarish maqsad qilingan.

Kompaniya rahbarlari bilan bo‘lib o‘tgan muloqotda investor Xan Zong Bai ayni kunda mazkur zavoddagi qurilish jarayoni, eng zamonaviy texnologiyalar o‘rnatilayotgani haqida batafsil ma’lumot berdi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha bo‘yicha ishlar jadal ketayotganini qayd etib, bu yerda ishlab chiqarish bilan birga biznes forumlar o‘tkazish uchun sharoitlar yaratilayotgani, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yashil hududlar barpo etilayotganini alohida e‘tirof etdi.


Avvalroq Spot xitoylik investorlar O‘zbekistonda yana ikkita yashil elektr stansiyasini qurishi haqida yozgandi.

Qoraqalpog‘istondagi shamol elektr stansiyasi hamda Jizzaxdagi quyosh elektr stansiyasining umumiy quvvati 1,5 GVtni tashkil etadi.