Yoqilg‘i-energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq holatlarni fosh etishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Sirdaryo viloyati Guliston shahridagi “S.J.” MChJga qarashli tibbiyot klinikasining elektr hisoblagichiga tashqi ta’sir ko‘rsatilgani aniqlangan.

Buning natijasida esa 2,1 mlrd so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlik yo‘li bilan talon-toroj qilingan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bosh prokuratura reyd tadbirlari davom etayotganini aytib, tadbirkorlardan energiya resurslaridan qonuniy tartibda va oqilona foydalanishlarini so‘radi.


Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda 1,8 mlrd so‘mlik tabiiy gaz talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Nukus shahrida tugallanmagan ko‘p qavatli binoda gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olingani aniqlangan.