O‘zbekiston va Vetnam vizasiz rejim joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

7-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga tashrif buyurgan Vetnam milliy majlisi Raisi Chan Txan Man boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Tomonlar savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqdi. Hukumatlararo va idoralararo muloqotlarni tizimli o‘tkazish zarurligi qayd etildi. Joriy yilda Xanoy shahrida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va biznes forumini samarali o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Yangi loyihalarni ilgari surish uchun energetika, geologiya, neft-kimyo, elektrotexnika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kompleks dastur tayyorlashga kelishib olindi.

Muloqotda madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuvlarni vizasiz tartibni joriy qilish orqali rivojlantirishga e’tibor qaratildi.

vetnam, visa, viza, vizasiz rejim, sanoat kooperatsiyasi

Bu 8-aprel kuni o‘tkazilgan o‘zbek-vetnam ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokidagi davra suhbatida ham qayd etildi. Viza rejimini soddalashtirish, O‘zbekiston va Vetnamda o‘tkaziladigan xalqaro sayyohlik ko‘rgazmalarida ishtirok etish orqali turizm salohiyatini birgalikda targ‘ib qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

B2B formatidagi uchrashuvlarda Turizm qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Jamshid Abdusalamov Vetnam Madaniyat, sport va turizm vaziri o‘rinbosari Fan Tam hamda Vetnamning Sovico Group va Vietnam Airlines Corporation kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.

Tomonlar turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yo‘llarini muhokama qildilar.

2024-yilning dekabr oyi boshida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejimni joriy etishga qaratilgan bitim imzolangandi. Hujjat ikki mamlakat fuqarolariga 30 kun davomida vizasiz bo‘lish imkonini beradi.