Apple kompaniyasining sobiq bosh dizayneri Joni Ayv va OpenAI bosh direktori Sem Altman sun’iy intellektga ega yangi shaxsiy qurilmani ishlab chiqish uchun kuch birlashtirdi. Bu haqda The Information nashriyoti kompaniyadagi ichki manbalarga tayanib xabar bermoqda.

The Information manbalariga ko‘ra, OpenAI Joni Ayv va Sem Altman tomonidan asos solingan io Products startapini 500 mlnga sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda. Potensial investorlar safiga Emerson Collective va Thrive Capital kiritilgan.

Taxminlarga ko‘ra, qurilma an’anaviy smartfondan farq qiladi, ammo qo‘ng‘iroq qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ba’zilar bu qurilmani “ekransiz smartfon” deb ta’riflamoqda. Sem Altman ilgari smartfonlarga raqobatchi yaratishdan manfaatdor emasligini ta’kidlab, “smartfonlar ajoyib” degan edi.

Bundan oldin OpenAI badiiy nasrlar yaratuvchi sun’iy intellekt tizimini taqdim etgan va ChatGPT’ga aniq tasvirlarni bepul yaratish funksiyasini qo‘shgan edi.

Avvalroq Sem Altman sun’iy intellektga asoslangan qurilma rejalarini ma’lum qildi. Bu haqda Altman “Nikkei” nashrigа bergan intervyusida aytib o‘tdi.

“ChatGPT” suhbat-botini yaratgan “OpenAI” rahbarining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya loyiha ustida “Apple"ning sobiq bosh dizayneri Jonni Ayv bilan hamkorlikda ishlamoqda.

Kompaniya sun’iy intellekt vositalariga asoslangan va ovozli interfeysga ega bo‘lgan ko‘chma qurilmani tayyorlamoqda. Altman ushbu qurilma ovozli buyruqlar orqali boshqarilishini ta’kidladi.

“Nikkei” jurnalistlari eslatib o‘tishicha, “OpenAI” tomonidan smartfon o‘rnini bosuvchi mahsulot chiqarilishi haqidagi mish-mishlar 2024-yildan buyon tarqalmoqda.

Shu bilan birga, sentabr oyida “The New York Times” gazetasi manbalari Jonni Ayv “OpenAI” bilan hamkorlikda telefonning muqobil qurilmasini yaratishini tasdiqladi.

Koreyaning “The Elec” nashrida bergan intervyusida Sem Altman o‘z kompaniyasi sun’iy intellekt bilan bog‘liq so‘rovlarni qayta ishlashga mo‘ljallangan maxsus chip ishlab chiqayotganini ham ma’lum qildi. “OpenAI” rahbari jurnalistlar bilan suhbatda qurilmaning aniq chiqish muddatini aytishdan bosh tortdi.