Amerikaning OpenAI sun’iy intellekt kompaniyasi O‘zbekistonda QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

8-aprel kuni ChatGPT chat-boti ishlab chiquvchisi Soliq qo‘mitasining elektron xizmat yetkazib beruvchilarning maxsus platformasida hisobga olindi.

Natijada, O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan xorijiy internet-kompaniyalari soni 67 taga yetdi. Joriy yil boshidan jami 7 ta bigtex soliq to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Yanvar oyida Shveysariyaning eBay marketpleysi, Singapurning Alibaba Cloud Private Limited bulutli hisoblash sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyasi QQS to‘lovchisi sifatida ro‘yxatga olindi.

Mart oyida yana ikkita kompaniya — Singapurning Elementary Innovation Pte. Ltd. reklama xizmatini taqdim etuvchi kompaniyasi, Bagama orollarining Capital Com Online Investments LTD savdo platformasi hisobga olindi.

Shuningdek, 4-aprel kuni Rossiyaning Ivi.ru onlayn kinoteatri, 7-aprel kuni AQShning DigitalOcean bulutli xizmatlar provayderi ham ro‘yxatdan o‘tgan.

OpenAI ChatGPT’ni 2022-yilning noyabr oyi oxirida taqdim etgan. Dastlabki besh kun ichida chat-botda 1 mlndan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. 2023-yilning martida OpenAI tasvirlarni taniy oladigan yangi ChatGPT-4 modelini taqdim etgandi. Noyabr oyidan o‘zbekistonliklarga ChatGPT’ga kirish huquqi berildi.

Avvalroq OpenAI smartfon o‘rnini bosuvchi qurilma chiqarishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.