Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda 9 ta kichik gidroelektr stansiya qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning Xinjiang Qianyuan Kunyu Construction Engineering kompaniyasi bosh direktori Xou Xue bilan uchrashdi.

Unda O‘zbekiston hududlaridagi suv yo‘llarida kichik gidroelektr stansiyalari kaskadlarini qurishning texnik jihatlari va keyingi bosqichlari muhokama qilindi.

Yakunda Andijon viloyatidagi Qoradaryo bo‘yida 9 ta mini-GES qurish loyihasini amalga oshirishga qaratilgan investitsiya bitimi imzolandi.

Bundan tashqari, 8-aprel kuni Ilzat Kasimov Xitoyning Holley Group kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Van Licheng boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Suhbatda tomonlar Olmaliq shahridagi 227,4 gektar maydonda Buyuk ipak yo‘li sanoat texnoparki qurilishining bugungi holatini muhokama qildilar.

Ikki taraflama hamkorlik sanoat infratuzilmasini rivojlantirish, xorijiy investorlar uchun qulay sharoit yaratish va yirik ishlab chiqarish korxonalarni O‘zbekiston bozoriga jalb etishiga ishonch bildirildi.

Avvalroq xitoylik investorlar O‘zbekistonda yana ikkita yashil elektr stansiyasini qurishi haqida xabar berilgandi. Qoraqalpog‘istondagi shamol elektr stansiyasi hamda Jizzaxdagi quyosh elektr stansiyasining umumiy quvvati 1,5 GVtni tashkil etadi.