Yevropa investitsiya banki O‘zbekistondagi pullik avtomobil yo‘llari va temir yo‘l qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Vazir o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov YIBning kreditlash masalalari bo‘yicha vakili Dilara Alp bilan uchrashdi. Unda mamlakatda transport infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan ishlar va istiqboldagi loyihalar bo‘yicha fikr almashildi.

Xususan, Toshkent-Samarqand hamda Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘llarini qurish loyihasi ko‘rib chiqildi. Bundan tashqari, Toshkent-Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikdagi temir yo‘li qurilishi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Dilara Alp hozirda YIB asosan mahalliy banklarga kredit liniyalarini ochish orqali loyihalarni moliyalashtirishga ahamiyat qaratayotganini ta’kidladi. 2024-yilda bank rahbariyati va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan memorandumga muvofiq, yuqoridagi loyihalarga “katta qiziqish bildirilayotgani” ma’lum qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar transport va logistika sohasida faoliyat yuritayotgan kompaniyalarga o‘z faoliyatini kengaytirish uchun YIB taqdim etadigan kredit liniyalari shartlari va muddatlari to‘g‘risida ma’lumotlarni yetkazishga kelishib oldi.

3-aprel kuni Samarqand sammiti doirasida Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen huzurida O‘zbekistonda YTBning mintaqaviy ofisini ta’sis etish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Bank Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan to‘rtta anglashuv memorandumini imzolashga va barqaror transport, suvni tartibga solish va iqlim o‘zgarishiga chidamlilik uchun 365 mln yevro ajratishni ko‘zda tutgan.

Avvalroq Toshkent-Samarqand pullik yo‘li loyihasining texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgani haqida xabar berilgandi. Yangi yo‘llar qurilishiga mahalliy korxonalar jalb qilinadi, magistrallarda turli pullik xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi.