O‘zbekistonda elektr energiyasi uchun ijtimoiy normadan ortiq iste’mol qilinadigan oraliq imtiyozli tarif joriy etilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati Vazirlar Mahkamasi qaroriga asoslanib ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, 1-maydan boshlab 201 kVt/soatdan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan oraliqda elektr energiyasi iste’moli uchun yangi tarif amal qila boshlaydi. Ushbu oraliqda iste’mol qilingan har bir kVt/soat uchun narx 800 so‘mni tashkil etadi.

2024-yil 1-maydan e’tiboran elektr energiyasi tariflari ilk bor oshirildi. Tariflarni tabaqalashtirish doirasida ijtimoiy norma chegarasida — oyiga 200 kVt/soatgacha bo‘lgan imtiyozli tarif belgilangan edi.

Hozirda tariflar quyidagicha:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 1 kVt/soat uchun 450 so‘m;
  • 201 dan 1000 kVt/soatgacha — 900 so‘m;
  • 1001 dan 5000 kVt/soatgacha — 1350 so‘m;
  • 5001 dan 10 000 kVt/soatgacha — 1575 so‘m;
  • oyiga 10 001 kVt/soat va undan yuqori — 1800 so‘m.

1-apreldan rejalashtirilgan navbatdagi narx oshishi prezident topshirig‘iga binoan bir oyga — maygacha kechiktirildi. Shunday qilib, kelgusi oydan boshlab imtiyozli tarif (200 kVt/soatgacha) 600 so‘mgacha ko‘tariladi, shuningdek, 201 dan 500 kVt/soatgacha bo‘lgan oraliq uchun 800 so‘mlik yangi tarif joriy etiladi.

1-maydan energiya tariflari qanday o‘zgaradi?

Kelasi oydan boshlab aholi uchun elektr energiyasi tariflari yana oshiriladi. Energiya resurslari narxlari o‘tgan yilning may oyida oshirilgan edi.

Aholi uchun elektr energiyasi narxlari iste’mol miqdoriga qarab quyidagicha belgilanadi:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 1 kVt/soat uchun 600 so‘m;
  • 201 dan 500 kVt/soatgacha — 800 so‘m;
  • 501 dan 1000 kVt/soatgacha — 1000 so‘m;
  • 1001 dan 5000 kVt/soatgacha — 1500 so‘m;
  • 5001 dan 10000 kVt/soatgacha — 1750 so‘m;
  • oyiga 10 001 kVt/soat va undan yuqori — 2000 so‘m.

Bundan tashqari, qaror bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlari har yili 1-maydan bir marotaba yillik inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda 10 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda indeksatsiya qilib borilishi belgilanmoqda.


Avvalroq Spot elektr va gaz iste’moli ijtimoiy normadan oshgan ayrim fuqarolarga kompensatsiya berilishi haqida yozgandi.

Shuningdek, 2025/2026 yilgi sitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 mln so‘m miqdorida bir martalik yordam beriladi.