Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarning turizm salohiyatini oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini tezlashtirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi. Unda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish ishlari ko‘rib chiqildi.
Joriy yilda BAA, Malayziya, Kuvayt va Fransiyaga tashriflar natijasida $39 mlrdlik 178 ta loyiha bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. O‘tgan hafta Samarqandda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoga 12 mlrd yevro ajratishini ma’lum qildi.
Shular hisobiga 2025-yilda $42 mlrdlik xorijiy investitsiyani ta’minlash, shu jumladan, xorijiy moliya institutlari ishtirokida 5,3 mlrdlik ishlarni bajarish, 81 ta yirik loyihani ishga tushirib, 8 mingdan ortiq o‘rta va kichik loyihani amalga oshirish asosiy maqsad bo‘lishi belgilandi. Bular qatorida, shuningdek, donor tashkilotlar bilan faol ishlab, $2 mlrd grant olib kelish hamda banklar bilan $6 mlrd resurs jalb qilish bor.
Joriy yilning birinchi choragida mamlakatga $8,6 mlrd investitsiya jalb qilindi. “Lekin ko‘p vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar „investitsiya o‘zi bo‘laveradi“, degan fikr bilan yuribdi, dunyoqarashini haligacha o‘zgartirmagan”, — dedi prezident.
O‘tgan hafta sohadagi muammolar tanqidiy muhokama qilinib, Qashqadaryo, Xorazm viloyatlari hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlariga “hayfsan” berilgan, Kattaqo‘rg‘on, Navoiy, Yangiyo‘l, Jizzax shaharlari, Yangiobod, Mirzaobod, Bo‘ka va Nukus tumanlari hokimlari ogohlantirilgan.
“Pul tikaman degan tayyor investorlarni masalasini tez-tez hal qilish o‘rniga, ko‘p rahbarlar byurokratiya qilgani uchun, sarmoyadorlar ketib qolayapti”, — deya qat’iy e’tiroz bildirdi davlat rahbari. Har bir hudud va tarmoq kesimida mas’ul rahbarlar faoliyatiga baho berilishi va xulosa qattiq bo‘lishi haqida ogohlantirildi.
Yig‘ilishda o‘tgan yili ayrim mamlakatlardan investitsiyalar kamaygani, bu yilda qator yetakchi davlatlar investorlari bilan loyiha qilinmagani ko‘rsatib o‘tildi. Xitoy, Rossiya va Malayziya bilan hokimlar va investorlarni bir-biriga bog‘lash tajribasi qolgan mamlakatlardagi elchixonalarda ham yo‘lga qo‘yilishi zarurligi qayd etildi.
O‘tgan oyda Londonda O‘zbekiston investorlari kuni tashkil etilgani natijasida $2,77 mlrd jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bunday tadbirlarni Nyu-York, Singapur, Gonkong, Dubay, Shanxay, Tokio, Istanbul kabi megapolislarda ham o‘tkazish topshirildi.
Xususiylashtirish bo‘yicha qabul qilinishi kutilayotgan qarorlar bilan 15 ta yirik davlat korxonasi yevrobond chiqarib, IPOga qo‘yilishi, 49 ta korxonadagi davlat ulushi xalqaro bozorda sotilishi belgilanmoqda.
“Bu o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Investor keladi, deb o‘tirmasdan, elchilar uchrashuv tashkil etishi, vazirlar va hokimlar borib taqdimot qilishi kerak. Shunda natija bo‘ladi”, — dedi prezident.
Shu oyda Jizzaxda, iyun oyida esa Toshkent shahrida xalqaro investitsiya forumlari o‘tkaziladi. Vazirlar va hokimlarga hozirdan puxta tayyorlanib, investorlarga taklif qilish uchun loyihalar portfelini shakllantirish topshirildi. Bunday forumlarni yil davomida barcha hududlarda tashkil etish vazifasi qo‘yildi.
Avvalroq YTTB Markaziy Osiyo uchun 2027-yilgacha muhim minerallar va qayta tiklanuvchi energiya kabi sohalarni o‘z ichiga olgan 7−8 mlrd yevrolik loyihalar paketini ishlab chiqishi haqida xabar berilgandi.