Abdulahad Qo‘chqorov IT Park Uzbekistan bosh direktori etib tayinlandi. Bu haqdagi ma’lumotlarni texnopark matbuot xizmati Spot’ga tasdiqladi.
IT Park’ning ijrochi direktori Abdulahad Qo‘chqorov joriy yilning fevral oyida 2017-yilning noyabridan (2018-yilgacha — Mirzo Ulugbek Innovation Center) texnoparkni boshqargan Farhod Ibragimov o‘rnini egalladi.
O‘z navbatida, Farhod Ibragimov “IT Park Uzbekistan’ning butun ekotizimini strategik rivojlantirish va Enterprise Uzbekistan’ni tashkil etish bilan bog‘liq” kuzatuv kengashi raisi lavozimiga o‘tdi.
“Ushbu o‘zgarishlar boshqaruv jarayonlarini optimallashtirish va IT Park’ning O‘zbekiston raqamli transformatsiyasining asosiy drayveri sifatidagi mavqeini yanada mustahkamlashga qaratilgan”, — deyiladi texnopark matbuot xizmati xabarida.
Abdulahad Qo‘chqorov O‘zbekiston Milliy universitetida bakalavr darajasini olgan (2002−2006 yillar). Hozirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida (2024−2026) magistratura bosqichida tahsil olmoqda.
U 2013−2017 yillarda O‘zbekiston-Yaponiya markazida biznes-kurslar koordinatori bo‘lib ishlagan, 2017−2019 yillarda Groundzero kovorking tarmog‘ini boshqargan. 2019-yil iyun oyida IT Park’ga bosh operatsion direktor lavozimiga o‘tib, u yerda 2023-yilning fevraligacha faoliyat olib bordi. Keyingi ikki yil davomida Qo‘chqorov ijrochi direktor lavozimida ishladi.
Bundan tashqari, Abdulahad Qo‘chqorov 2019-yil iyun oyidan boshlab Khan Academy Uzbek — Khan Academy xalqaro onlayn ta’lim platformasini o‘zbek tiliga mahalliylashtirish loyihasi direktorlar kengashi a’zosi hisoblanadi.
Avvalroq yangidan tashkil etilgan Issiqlik ta’minoti kompaniyasiga rahbar tayinlangani haqida xabar berilgandi. Shu kungacha Qurilish vazirligi boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Ilhom Turayev kompaniya boshqaruvi raisi etib tayinlandi.