8-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining Mirobod tumani Matbuotchilar ko‘chasida joylashgan Matbuot uyi xususiy investorga o‘tkazilgani haqida xabarlar tarqaldi. Undan keyin Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bu bo‘yicha rasmiy munosabat bildirib, shu mazmundagi xabarlarni rad etdi.
Prezidentning tegishli qarori bilan Matbuot uyi bino va inshootlari O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) ga operativ boshqaruv huquqi asosida berilgan.
Bu yerdagi bino va inshootlar hamda unga tutash hududda Media shaharcha tashkil etilishi belgilangan. Uning doirasida barcha davriy bosma nashrlarning tahririyatlari mazkur binoga joylashtiriladi.
Davaktiv agentligi hozirgi kunda Matbuot uyi binosida demontaj ishlari yakuniga yetib, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish uchun loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilganini bildirdi.
“Matbuot uyi bino va inshootlari sotilishi nazarda tutilmagan va O‘zA mazkur binoni yagona balansda saqlovchisi hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining qayd etishicha, Matbuot uyi obyektining beton-panel ko‘rinishidagi qismlari demontaj qilinib, karkas holatiga keltirilgan.
Rekonstruksiya jarayonida binoni energiya tejamkor texnologiyalar bilan jihozlash, shart-sharoit yaratish hamda yangi ko‘rinishga keltirish rejalashtirilgan.
Avvalroq Davaktiv agentligi Kvars zavodining Quvasoysementdan davlat tasarrufiga o‘tkazilishiga munosabat bildirib, buni majburiyatlarni bajarishdagi qiyinchiliklar bilan izohlagandi.