Apple aksiyalari narxi so‘nggi to‘rt kun ichida 23%ga tushib ketdi, bu esa Microsoft’ni yana dunyoning eng qimmat kompaniyasiga aylantirdi, deb yozadi CNBC.

Shunday qilib, Windows yaratuvchisining kapitallashuvi $2,64 trlnni, iPhone ishlab chiqaruvchisining kapitallashuvi esa $2,59 trlnni tashkil etadi. Fond bozori qulashidan oldin bu kompaniyalarning har birining, shuningdek, Nvidia’ning qiymati $3 trlndan oshgan.

AQSh prezidenti Donald Trampning mamlakatga qarab 10−50%lik import bojlarini joriy etish to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng Apple kapitallashuvi $700 mlrddan ko‘proqqa tushib ketdi.

Tahlilchilar kompaniya aksiyalari bunday pasayishining sabablaridan biri sifatida Apple’ning Xitoyga qaramligini ko‘rsatdi, barcha o‘sishlarni hisobga olgan holda bojlar 104%ni tashkil etdi.

Shu bilan birga, Jefferies investitsiya kompaniyasi ekspertlari ta’kidlaganidek, Microsoft “bizning fikrimizcha, savdo urushidan ko‘proq himoyalangan kompaniyalar” qatoriga kiradi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Apple katta ehtimol bilan o‘z mahsulotlari narxini oshirishga majbur bo‘ladi.

“Apple bu yangi tariflarni qurilmalar narxiga qo‘shadi va muammoning ko‘lamini tez orada anglab yetadi”, deya ta’kidladi Apple’ning sobiq muhandisi va Instrumental platformasi asoschisi Anna-Katrin Shedletski.

UBS tahlilchilariga ko‘ra, iPhone’ning eng qimmat modeli narxi hozirgi $1199 ga nisbatan taxminan $350ga yoki taxminan 30%ga oshishi mumkin.


Avvalroq Spot Trampning boyligi o‘zi joriy etgan boj tariflari sababli $500 mlnga kamaygani haqida yozgandi.

Qayd etilishicha, Tramp yangi tariflarni e’lon qilishdan oldin uning boyligi $4,7 mlrdga baholangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkicha $4,2 mlrdgacha tushdi.