Shavkat Mirziyoyev 9-aprel kuni shaharsozlik renovatsiyasining huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

So‘nggi sakkiz yilda mamlakatda 500 mingga yaqin xonadonlar barpo etildi. O‘tgan yili 100 ming xonadondan iborat ko‘p qavatli uy qurilgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 130 mingdan oshishi reja qilingan.

Yaqin yillarda ahol soni 40 mln nafarga yetishi kutilmoqda. Bu yiliga 140−150 ming xonadonga, har yili qo‘shimcha 2 ming gektar yerga talabni oshiradi. Bunday holatda renovatsiya dasturi qo‘l kelishi qayd etildi.

Masalan, mamlakatda mavjud 17 mingta 2−3 qavatli eski uylar hozirgi talablarga javob bermaydi. Elektr, gaz, suv va boshqa infratuzilmalar eskirgan, ko‘plarida oqova tarmog‘i ham yo‘q.

Ular o‘rnida zamonaviy uylar qurilsa, hozirgidan 3 barobar ko‘p aholi joylashadi. Xonadonlarda yangi kommunikatsiya, issiq va sovuq suv, oqova tarmog‘i bo‘ladi. Odamlar shinam sharoitlarda yashaydi. Bu orqali minglab oilalarning turmush darajasi o‘sadi.

Buning yana bir muhim jihati sifatida energiya tejamkorlik masalasi ta’kidlandi. Turar joylar yaxlit bo‘lsa, infratuzilma tarmoqlari, energiya kam sarflanadi. Hozirgacha bu borada yagona hujjat yo‘q edi. Xorijiy tajriba asosida “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Taqdimotda renovatsiya tizimining huquqiy, moliyaviy va tashkiliy tomonlari ko‘rib chiqildi. Bunday dasturlar 3 bosqichda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Birinchi bosqichda shahar va tumanlarda renovatsiyaga mos hudud tanlanib, loyiha ishlab chiqiladi. Mulkdorlarga yangi uy yoki kompensatsiyalar taklif qilinadi. Barcha mulkdorlar bilan kelishuvlar yakkama-yakka, notarial tartibda tasdiqlanadi. Loyihalar uchun har bir hududda renovatsiya jamg‘armalari tashkil etiladi.

Ikkinchi bosqichda renovatsiya dasturi hududiy va respublika kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilib, qurilish tashkiloti aniqlanadi. Uchinchi bosqichda esa uy-joylar qurilib, foydalanishga topshiriladi.

Renovatsiyaga tushgan hududning iqtisodiy salohiyati ham oshishi qayd etildi. Yangi uylarning 1−2-qavatlarida savdo, xizmat ko‘rsatish va kichik ishlab chiqarishlar bo‘ladi.

Tizim orqali 20 ming gektar yer tejalishi hisob-kitob qilingan. Birinchi bosqichda esa renovatsiya asosida 20 ming xonadon qurilishi mo‘ljallangan.

Davlat rahbari bunday loyihalarni, avvalo, u yerda yashovchilarning manfaatlarini hisobga olgan holda, tizimli va adolatli amalga oshirish zarurligini ta’kidladi. Buning uchun mutasaddilar, tuman hokimlari va ularning tegishli o‘rinbosarlari renovatsiya tartib-qoidalari va ishni to‘g‘ri tashkil qilish choralari bo‘yicha qo‘shimcha o‘qitiladi.

Taqdimotda renovatsiya hududlarini infratuzilma bilan ta’minlash, developer va quruvchi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

Renovatsiya

2024-yilning fevral oyi oxirida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtda 500 gektar hudud rekonstruksiya qilinayotgani, uzoq muddatga mo‘ljallangan ikki qavatli uylar va Sergelida vaqtinchalik uylar joylashganini ma’lum qildi.

Aprel oyida prezidentning ipoteka kreditlash to‘g‘risidagi qarori bilan Adliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralarga xorijiy tajribani o‘rganib, hukumatga renovatsiya to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini iyulgacha kiritish topshirildi.

Shayxontohur tumani, Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovatsiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bunda hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanib, manzilli dastur tasdiqlanadi.

Iyul oyida “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Avgustda poytaxt hokimi Toshkentning oltita tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi qarorni imzoladi.

Adolat” va “O‘zLiDep” siyosiy partiyalari ushbu qarorni tanqid qilib, renovatsiya uchun huquqiy asos yo‘qligini ta’kidladi. Parlament a’zolari renovatsiya uchun mavjud turar-joy binolarini buzish zarurligini ta’kidladilar. Undan keyin hokimlik renovatsiya loyihasi faqat aholi roziligi bilan amalga oshirilishini bildirdi.

Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishib, unda Toshkent konservatsiya, rekonstruksiya hamda renovatsiya zonalariga ajratilishi ma’lum qilindi.

Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan davlat rahbari farmoni bilan 1-martdan renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning yangi tartibi joriy etilishi belgilangan. Xususan, renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi.

Avvalroq Sirdaryo viloyatida renovatsiya dasturi asosida 15 ming xonadonli uy-joy qurilishi haqida xabar berilgandi.