Rossiya Davlat dumasining IT qo‘mitasi rais o‘rinbosari Anton Gorelkin Roskomnadzorda ro‘yxatdan o‘tgan kanallarni belgilash uchun Telegram-bot ishga tushirilganini ma’lum qildi.

Gorelkinning aytishicha, Telegramda @Trustchannelbot nomli yangi bot paydo bo‘lgan bo‘lib, u kanal egalariga Roskomnadzor reyestrida ro‘yxatdan o‘tganligini tasdiqlovchi “A+” belgisini olish imkonini beradi. Biroq markіrovka olish uchun sabablar va qanday ma’lumotlar talab qilinishi aniq keltirilmagan.

Bot tavsifida aytilishicha, u Roskomnadzor ro‘yxatidagi Telegram-kanallarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini ta’minlash uchun yaratilgan. Regulyatorning o‘zi botning ishga tushirilishi haqida hozircha izoh bermagan.

Belgi olish uchun botni profilni tahrirlash va ishtirokchilarni qo‘shish huquqi bilan kanal ma’murlari ro‘yxatiga qo‘shish, unga boshqa ma’murlarning telefon raqamlarini, shuningdek, Davlat xizmatlari portali orqali ro‘yxatdan o‘tish uchun topshirilgan ariza raqamini berish kerak bo‘ladi.

2024-yil 1-noyabrdan boshlab Rossiyada auditoriyasi 10 ming obunachidan ortiq bo‘lgan blogerlar o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni Roskomnadzorga taqdim etishlari shart bo‘lgan qonun kuchga kirdi — bu ularni reyestrga kiritish uchun zarur.

2025-yil 1-yanvardan boshlab Roskomnadzor reyestriga kiritilganligi to‘g‘risidagi belgi qo‘yilmagan kanal yoki sahifalarda reklama beruvchilar reklama joylashtira olmaydilar.

Sahifa yaratuvchilariga o‘z faoliyatlarini moliyalashtirish usullari haqidagi ma’lumotlarni ko‘rsatish taqiqlanadi. Shuningdek, ularning sahifalaridagi yozuvlarni qayta ulashish (repost qilish) mumkin bo‘lmaydi.


Avvalroq Spot Ilon Maskning Grok sun’iy intellektli chat-boti Telegramda paydo bo‘lgani haqida yozgandi.

Telegram Premium obunasi bo‘lgan foydalanuvchilar GrokAI’ga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishdi — ular uchun xizmat bepul bo‘ladi.