Kapsulali uylarni tashkil etish uchun tadbirkorlarga subsidiya beriladi. Bu haqda 9-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilayotgan hududlarning turizm salohiyatini oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini tezlashtirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

So‘nggi yillarda turizm eksporti 1,6 karra oshib, $3,5 mlrdga yetdi. Bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. O‘tgan yili xorijiy sayyohlar oqimi birinchi marta $10 mln nafardan oshdi.

Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayotgani ta’kidlandi. Xususan, o‘tgan 8 yilda mahalliy va xorijiy investorlar $6,5 mlrd sarmoya kiritib, 130 ming mehmonxona o‘rni yaratdi. Bu yili ular yana 30 mingga ko‘payadi.

Parkentning Oltin bel cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilyapti. Fransiyaning Kurshevel tog‘-changi kurorti O‘zbekistonning tog‘li hududlarida Yevropa standarti asosida turizm maskanlarini tashkil qilishga qiziqish bildirmoqda.

Turizmning iqtisodiyotdagi ulushini 7% ga, eksportni $10 mlrdga yetkazishga qaratilgan 2040-yilgacha strategiya ishlab chiqiladi.

Yig‘ilishda ko‘pchilik hokimlar turizm qanday katta yo‘nalish ekanini tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Mavsum boshlanganiga bir oydan oshgani bilan kapsulali uylardan iborat maskan faqat Kitobda ochilgani qayd etilib, qolgan 35 ta tuman va shahar hokimi “mudrab” o‘tirgani tanqid qilindi.

Endi kapsulali uylarni qurish va jihozlashga Turizm jamg‘armasidan 10 mln so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Sayyohlar Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryodan o‘tgan magistral va ichki yo‘llar ahvolidan noroziligi qayd etildi. Mutasaddilarga “turizm halqasi"ga kirgan yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha hisob-kitob qilib, ishlarni boshlash topshirildi.

Turizm qishloqlarini tashkil qilish bo‘yicha 3 yil oldin boshlangan ish yaxshi samara berayotgani aytildi. Lekin, Toshkent viloyatida Koreya tajribasi asosida turizm qishlog‘i qilish tashabbusi qog‘ozda qolib ketgani, Qashqadaryo va Jizzaxda atigi 1 tadan turizm qishlog‘i ochilgani ko‘rsatib o‘tildi. Navoiy va Sirdaryoda hunarmandchilik, Jizzax va Farg‘onada gastronomik turizm markazlari mavjud emas.

Shuningdek, Jizzax va Surxondaryoda turizm eksporti $65 mlnga, Sirdaryoda esa $30 mlnga yetmaydi. Birorta chegara punktida mamlakat turizm salohiyatini ko‘rsatadigan “turizm burchagi” tashkil etilmagani tanqid qilindi.

“Aholimiz o‘rtasida tog‘li hududlarga piyoda chiqish (treking) ommalashmoqda. Lekin, turfirmalar bunday sayyohlik marshrutiga ruxsat olishga 2−3 oy sarflayapti”, — dedi prezident.

Mutasaddilarga ruxsatnomani Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali 10 kunda berishni joriy qilish topshirildi.

Fevral oyidagi o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida prezident Buxoro va Samarqandga kelgan turistlarning ko‘pchiligi Xivaga aviareys bo‘lmagani uchun qaytib ketayotganini bildirgandi.