Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarning turizm salohiyatini oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini tezlashtirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Unda davlat rahbari zamonaviy turizm marshrutlarini tashkil etish bo‘yicha vazifalarni belgilab berdi. Turizm qo‘mitasi hokimliklar bilan birgalikda 36 ta tuman va shahar uchun dastur ishlab chiqadi. Bu hududlarni etno, gastronomik, tibbiy, ekstremal, madaniy-tarixiy, ziyorat, qishki va agroturizm asosida rivojlantirishga qaratilgan

Masalan, Sariosiyo tumani hududining asosiy qismi tog‘lardan iborat bo‘lib, qishki turizm uchun katta salohiyat mavjud. Bu yerda dor yo‘li, mehmonxona va savdo-servis xizmatlari sohasida $200 mlnlik loyihalar qilish mumkin.

Chortoqning shifobaxsh suvlari mashhur bo‘lsa-da, tuman hokimi yangi loyiha qilmayapti, sanatoriyalarga ham xorijiy sayyoh olib kela olmayapti. Mo‘ynoqda har yili o‘tadigan Stixiya musiqa festivaliga kelgan sayyohlarni ko‘proq olib qolish uchun yangi tashabbuslar kerak.

Iqtisodiyot va moliya vazirligiga 36 ta tuman va shahar bo‘yicha master rejalar ishlab chiqishni tezlatish va loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirish topshirildi.

Xitoyning olis provinsiyalari, Gonkongdan sayyohlar kelishni boshladi. Polshaga aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgani uchun mamlakatdan sayyohlar oqimi 7 karra oshdi, butun Sharqiy Yevropadan turist olib kelish imkoni paydo bo‘ldi.

Fransiyaga tashrifda 14 ta yangi Airbus samolyotini xarid qilish, yana 5 tasini ijaraga olishga kelishildi. Boeing bilan 12 ta samolyot olib kelish bo‘yicha muzokara boshlandi.

Mutasaddi vazirlik va idoralarga bu imkoniyatdan unumli foydalanib, qayerga nechta reys qo‘yish va qancha sayyoh olib kelishni hozirdan hisob-kitob qilish topshirildi.

So‘nggi yillarda mahalliy sayyohlar soni 23 mlnga yetdi (2017-yilda 5 mln). Har oyning bitta shanba va yakshanbasi — “oila va mehnat jamoasi bilan sayohatga chiqish” kuni, deb e’lon qilinadi. Yoshlar o‘rtasidagi musobaqa g‘oliblariga “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasi beriladi.

Har yili ichki turizm targ‘ibotini kengaytirishga 20 mlrd so‘m ajratiladi. Mutasaddilarga ekstremal turizmni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish topshirildi.