AQSh prezidenti Donald Trampning boyligi uning aktivlari — ham ommaviy kompaniyalar, ham xususiy xoldinglar qiymatining pasayishi tufayli $500 mlnga kamaydi, deb yozmoqda Forbes.

Tramp kompaniyalarining aksiyalari, Amerika birjalarida sotiladigan boshqa qimmatli qog‘ozlar kabi, dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridan tovarlar importiga qo‘yilgan bojlar tufayli arzonlashdi.

2-aprel kuni Tramp dunyo mamlakatlarining aksariyatiga nisbatan yangi “o‘zaro” bojlarni joriy etish rejasini e’lon qilganda, Forbes uning boyligini $4,7 mlrdga baholagan edi. Bir haftadan kamroq vaqt ichida bu ko‘rsatkich $4,2 mlrdgacha tushdi, chunki uning aksiyalari va xususiy aktivlari qiymati butun bozor bilan birga pasaydi, deb ta’kidlaydi jurnal.

Trampning eng katta yo‘qotishlari uning eng qimmatli aktivi — Trump Media & Technology Group kompaniyasi bilan bog‘liq. Bu kompaniya so‘nggi uch savdo kunida 8%ga arzonlashib, 2024-yil oktyabr oyidan beri eng past ko‘rsatkichga tushdi. AQSH prezidentining 2-aprel kuni $2,2 mlrd turgan aksiyalar paketi endilikda $2 mlrdga baholanmoqda.

Bundan tashqari Tramp o‘zining tijorat ko‘chmas mulkidagi ulushlar narxining pasayishi tufayli taxminan yana $90 mln yo‘qotdi.

Bu hisob-kitob ommaviy bo‘lmagan aktivlar qiymatining pasayishi birjada namoyish etilgan o‘xshash kompaniyalar aksiyalarining arzonlashish darajasiga teng degan taxminga asoslangan.

Forbes jurnalining yozishicha, Trampning turar-joy ko‘chmas mulki, kurortlar va ko‘ngilochar sanoatdagi ulushlari ham qiymatini yo‘qotgan.

AQSh prezidentiga tegishli diversifikatsiyalangan obligatsiyalar va aksiyalarning qiymati ham pasaygan. Bundan tashqari, nashr ta’kidlashicha, Tramp o‘z daromadlarining bir qismini saqlagan deb taxmin qilinayotgan kriptovalyutalar kurslarining pasayishi tufayli ham mablag‘ yo‘qotgan. Nashrning fikricha, Trampning bu aktivlari jami kamida $240 mln qiymatini yo‘qotgan.