1898-yil Dasslerlar oilasida chaqaloq dunyoga kelib, unga Rudolf deb ism qo‘yishadi. Ikki yil o‘tib katta oilada yana bir chaqaloq Adolf ovozi eshtila boshlaydi. Ularning bolalik yillari “poyabzalchilar shahri”, deb nom olgan Bavariyaning Gerzogenaurax shahrida o‘tib borardi.

Katta oilaning qozonini tebratish oson emasdi. Aka-ukalar otasiga poyabzal tikishda dastyor bo‘lishar, onalariga toza kiyimlarni yetkazib berishda ko‘maklashishardi.

Barchasi bir zayilda ketayotganda, birinchi jahon urushining sovuq shamoli esa boshladi. Urush Dasslerlarni ham chetlab o‘tmadi — Rudolfni armiyaga chaqirishdi. Adolfning yoshi armiyaga to‘g‘ri kelmagani sabab, oilasini tebratish uchun qattiq mehnat qilishiga to‘g‘ri kelgandi.

Urush tinchib Rudolf uyiga qaytdi. Aynan o‘sha paytda Dasslerlarning Gebrüder Dassler Schuhfabrik poyabzal fabrikasi ochildi. Hammasi yaxshi ketayotgan damda aka-ukalar o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘la boshladi. Kichik nizo oilaviy fabrikaning parchalanishiga olib keldi. Aka-ukalar esa ota kasbidan uzoqqa ketishmadi — Rudolf Puma’ga, Adolf esa Adidas brendiga asos solishdi.

Maqolda fabrika tarixi, nizoga qanday omillar sabab bo‘lgani hamda Adidas’ning paydo bo‘lishi haqida ma’lumotlar jamlangan.


Biznes tarixi: eski shinalardan tikilgan poyabzal

1920-yilning boshida Dasslerlar onalari ishlaydigan kir yuvish xonasida kichik ustaxona ochib, shippak tikib sotishni boshlashadi. Undan keyin esa birinchi jahon urushining yarador faxriylari — nogiron sportchilar mashg‘ulotlari uchun maxsus ortopedik poyabzalni yaratishadi.

Urushdan so‘ng oyoq kiyimlar tikish uchun xomashyo topish muammo bo‘lgan bir zamonda fabrika egalari shinalar va yaroqsiz harbiy kiyimlardan foydalangan holda bu sport oyoq kiyimlarini faxriylarga taqdim etishgandi.

Foto: Dzen. Surat tahriri ChatGPT

Uch yil o‘tgach kichik jamoa 12 kishiga yetib, kuniga 50 juft poyabzal ishlab chiqara boshlashdi. Armiyadan qaytib kelgach 1923-yilda oilaviy ishga Rudolf ham qo‘shildi. Uning muloqotchanligi odamlarning ishonchini tez qozonishga imkon bergandi.

Ishlar shunchalik yaxshi ketayotgan ediki, Adolf va Rudolf o‘zlarining Gebrüder Dassler Schuhfabrik kompaniyasini ochishga qaror qildilar. Aka-ukalarning kichigi Adolf poyabzal loyihalashtirish bilan shug‘ullansa, kattasi Rudolf targ‘ibot va sotish ishlarini o‘z zimmasiga olgandi.

“Tikanli” butsidagi g‘alaba

1926-yilga kelib, Gebrüder Dassler Schuhfabrik kuniga 100 juftdan ortiq sport poyabzali ishlab chiqara boshladi. Dasslerlar ishlab chiqarishni kengaytirib, jamoani 25 nafar xodimgacha ko‘paytirdi.

O‘sha kezlarda ularning asosiy maqsadi 1928-yilgi Amsterdam Olimpiadasiga sport anjomlarini tayyorlash edi. Shu sabab, aka-ukalar “tikanli” sport poyabzali sportchilar uchun qanchalik qulay ekanligini anglagan holda uni keng miqyosda ishlab chiqarishni boshlashdi. “Tikonli” butsilar yuzaga a’lo darajada yopishib, jarohatlanish xavfini sezilarli darajada kamaytirib, masofalarni tezroq bosib o‘tishga imkon berardi.

Unga ambasador sifatida nemis sportchisi Yozef Vaytser tanlandi. U qisqa va uzoq masofalarga yugurish uchun “tikanli” butsilarni sinab ko‘rgandi.

Shuningdek, aka-ukalarning poyabzalida 800 metrga yugurishda yengil atletikachi Karolina Radke esa Germaniya uchun birinchi oltin medalni qo‘lga kiritdi. 1944-yilgacha uning jahon rekordini hech kim yangilay olmadi, bu esa sportchi uchun jihozlarning qanchalik muhimligini yana bir bor tasdiqlagandi.

Brend sportchilarning qo‘llab-quvvatlashiga erishgach, 1929-yilda fabrika futbol butsilarini ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

adidas, adolf dassler, puma, rudolf dassler

Foto: Yandex. Surat tahriri ChatGPT

Fabrika 1931-yilga kelib esa tennischilar uchun birinchi krossovkalarni taqdim etdi. Fabrika gullab-yashnay boshladi — uch qavatli yangi fabrika qurishga ham kirishishdi.

Adolf mavjud ishlanmalar raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish uchun yetarli emasligini angladi. Shu bois, 1930-yillarda u poyabzal ishlab chiqarishning eng zamonaviy texnologiyalarini o‘rganish uchun Pirmazensga yo‘l oladi.

1932-yilda esa navbatdagi Olimpiada o‘yinlari boshlandi: Dassler ishlab chiqargan poyabzalda yugurgan sprinter Artur Yonat 100 metrga yugurishda bronza medalini qo‘lga kiritdi. 1936-yilga kelib, Dassler aka-ukalarning sport poyabzali Germaniya terma jamoasining rasmiy jihoziga aylandi.

Ikkinchi jahon urushi: kompaniya qanday qiyin davrlarni boshdan kechirdi?

Urush arafasida Dassler kompaniyasi 11 sport turi uchun 30 seriyali sport poyabzallarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. 1938-yilda ishga ikkinchi fabrika qo‘shildi, bu ishlab chiqarish quvvatini 1000 juftgacha ko‘tarish imkonini berdi. Manufaktura yiliga 400 ming markadaromad haqida hisobot berdi.

1939-yil. Dunyoni Ikkinchi jahon urushi qamrab oldi. Dasslerlar biznesi natsistlar tomonidan musodara qilindi.

Ular fabrikada tankga qarshi qo‘l granatalarini ishlab chiqarishga urinishdi. Bir qator muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng, zavod faqat nemis askarlari uchun poyabzal ishlab chiqarishni davom ettiradi.

Bu orada frontga chaqirilgan Rudolfning qo‘lga tushgani haqidagi xabar oilasiga yetib keladi. Butun biznes Adolfga o‘tdi. O‘shanda zavod Amerika tomonidan bosib olingan hududga tushib qolgandi — kontributsiya shartnomasi qoidalariga ko‘ra, u AQShga 100 juft muz konkisi jo‘natishi kerak bo‘lgan.

Adidas vs Puma: aka-ukalarning dushmanga aylanishi

Jahon urushi tugab, butun dunyo g‘alabani nishonlayotgan bir paytda Adolf va Rudolf bir-biriga qarama-qarshi bo‘lib qolishdi. Urush ikki aka-uka o‘rtasiga sovuqchilik ham tushirgandi. “Nima bo‘ldi o‘zi?”, degan o‘rinli savol tug‘iladi. Bu savolga hali hamon aniq javob yo‘q: ba’zi manbalar bularning barchasiga Adolfning rafiqasi Kete aybdor deb aytishsa, ikkinchi tomondan, urushdan oldingi davrdan beri davom etib kelayotgan eski tushunmovchiliklar, degan qarashlar mavjud.

Mojaro shu qadar jiddiy tus oldiki, aka-ukalar 1948-yilda hamkorlikni butunlay to‘xtatganliklarini e’lon qilishdi. Har biri o‘ziga bittadan zavod ochib, sobiq oilaviy korxona ramzlaridan hech qachon foydalanmaslikka kelishib olishdi.

Foto: O‘ng tomonda Adolf Dassler, chap tomonda — Rudolf Dessler. Dzen. Surat tahriri ChatGPT

Shundan so‘ng Rudolf 1948-yilda Sportschuhfabrik Rudolf Dassler (RUDA) ga asos solgan (Spot izohi — keyinchalik PUMA’ga o‘zgargan). Adolf esa 1949-yil Addas kompaniyasiga asos soladi. Firma ro‘yxatdan o‘tkazilayotganda Addas kompaniyasi mavjud bo‘lgani bois keyinchalik nomiga i harfi qo‘shilib, Adidas’ga o‘zgartiriladi.

Adidas: logotipdagi o‘sha mashhur “uch chiziq"ning paydo bo‘lishi

Bir necha avlodlar “uch chiziq” belgisi orqali tanib kelayotgan Adidas kompaniyasidagi bu belgi sport g‘alabalari hamda yuqori sifat ramzi hisoblanadi. Adolf Dassler firmasi bu logotipdan 1952-yildan beri foydalanib kelmoqda.

Dasslerlar fabrikalari bo‘linishidan oldin krossovkalarida ikkita chiziq ishlatganlar. Aka-ukalar bir-birlariga umumiy ramzlardan foydalanmaslikka va’da berishgan bo‘lsa-da, Adolf kelishuvni buzadi.

U avvaldan bu chiziqlarni o‘zi o‘ylab topgani haqida gapiradi. Tadbirkor o‘zi ishlab chiqargan poyabzallardan ajralib turishi uchun oq rangli qo‘shimchalar qo‘shishga qaror qilgan. Bundan tashqari, Rudolf bilan kelishuvga rasman amal qilish uchun chiziqlar sonini uchtagacha ko‘paytirgan.

adidas, adolf dassler, puma, rudolf dassler

Foto: Element

1952-yilgi Xelsinkidagi Olimpiada mezbon mamlakat 15 ta oltin medal qozongan va sportchilarining ko‘pchiligi allaqachon uch chiziqli krossovkalar ishlab chiqarayotgan mahalliy Karhu brendining poyabzalida musobaqalashgan. Adolf o‘z g‘oyasi boshqalarnikini takrorlayotganini va undan foydalanish qonunga zid ekanligini tushunardi.

U tezda Finlyandiyalik hamkasblarini Frankfurtdagi sport ko‘rgazmasiga taklif qilib u yerda o‘sha uchta chiziqdan foydalanish huquqini sotib olishga ko‘ndiradi. Bitimning narxi 2 shisha viski va taxminan hozirgi €1600 ga teng bo‘lgan naqd puldan iborat bo‘lgan.

“Pele pakti"ning buzilishi

Oilaviy janjal 1970-yilgi Mundialga e’tiborsizlik sabab keskinlashdi. Katta musobaqa oldidan aka-ukalar na Puma va na Adidas afsonaviy Peleni o‘z ambasadori qilmaslikka kelishib olishdi. Hatto “Pele pakti” deb atalgan yozma bitim ham tuzishadi.

Pakt sabab Adolf Adidas uchun FIFA bilan shartnoma imzolash yo‘liga o‘tadi. Rudolf esa “Pele pakti"ni buzib, Pele bilan hamkorlik qiladi.

Birinchi o‘yindayoq braziliyalik Pele taniqli PUMA butsalarida maydonga tushdi. Brendning tashabbusi bilan yoki tasodif tufayli futbolchi hakamdan poyabzalining bog‘ichini qayta bog‘lashni so‘raydi. O‘shanda butun dunyo tomoshabinlari krossovkalarga qaratilgan kameralardan Puma yozuvini ko‘rishgan.

Foto: Pelening Puma butsalarida jahon chempionatida ishtirok etgan jarayoni. Vuspex. Surat tahriri ChatGPT

Adidas brendining madhiyasi

1960−1980- yillarda Adidas brendi avlodlar abadiy klassika deb ataydigan o‘nlab Superstar, Campus, Gazelle, Torsion, Spezial, ZX500 singari sport poyabzallarining modellarini ishlab chiqardi.

1965-yilda brend tennischi Robet Xaye uchun maxsus Sten Smit nomli oq tennis krossovkalarini ishlab chiqqan va u omma orasida tez mashhurlikka erishgan.

Bu poyabzal 1988-yilda insoniyat tarixidagi eng ko‘p sotilgan poyabzal sifatida Ginnesning rekordlar kitobiga kirishga ham ulgurgan.

Adidasning keyingi amerikalik yulduzi Run-DMC musiqiy guruhi bo‘lib, ular Superstar krossovkalarini o‘z uslublarining ajralmas qismiga aylantiradilar. Biroq musiqachilar bu bilan to‘xtab qolmaydilar. 1986-yilda ular “My adidas” qo‘shig‘ini ijro etishadi. Bu qo‘shiq hozirgacha barcha uch chiziq muxlislarining norasmiy madhiyasi bo‘lib kelmoqda.

Adidas’ning qutqaruvchisi

1970-yilda Adolf vafot etadi. Kompaniya o‘g‘li Xorstga o‘tadi. 1987-yilda merosxo‘r Xorst Dassler ham vafot etib, biznes uning singillariga qoladi. Ro‘y berayotgan voqealarga mutlaqo tayyor bo‘lmagan qizlarning ishlari juda yomonlashadi: brend tez orada ham foyda, ham obro‘sini yo‘qota boshlaydi.

Shu bois, oilaviy kengashda Adidas aksiyalarining 80%ini sotishga qaror qilinadi. Xaridor sifatida fransiyalik biznesmen Bernar Tapi maydonga chiqadi. Biroq u ham bir paytlar mashhur bo‘lgan korporatsiyani oyoqqa turg‘iza olmaydi. Oxir-oqibat firma tadbirkor Robert Lui-Dreyfusga sotiladi.

Lui-Dreyfus Garvardda o‘qigan, oilaviy biznesda zarur tajribaga ega bo‘lgan. Aynan u Adidas’ning qutqaruvchisiga aylandi. Kompaniyani o‘z qo‘liga olganidan so‘ng, u raqobatchi firmalarning eng muvaffaqiyatli menejerlarini jalb qilish orqali ishni “orzular jamoasi"ni shakllantirishdan boshladi. Ikkinchi oqilona qadam mahsulot ishlab chiqarishni Osiyo mamlakatlariga olib kirish bo‘ldi.

2006-yilda dunyo yangi shov-shuvli bitimdan larzaga keldi: Adidas asosiy raqobatchilardan biri Reebok’ni sotib oldi. Shu paytda Porsche Design Group bilan ulkan hamkorlik ham yo‘lga qo‘yilgan. 2010-yillar davrini Adidas tarixidagi eng kuchli davr deb atashadi.

Foto: Yandex

Hozirgi kunda uning CEO direktori Bjorn Gulden bo‘lib, kompaniyasining 2025-yil mart oyidagi bozor qiymati $43,17 mlrdni tashkil etadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich Adidas kompaniyasini dunyo bo‘yicha bozor qiymati jihatidan 476-o‘ringa qo‘yadi.