Avvalroq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish va qayta ishlash zanjirini rivojlantirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan umumiy yer maydoni 5 gektardan kam bo‘lmagan qishloq xo‘jaligi korxonalariga o‘zlariga qarashli yerlarning dala chetlarida foydalanishning asosiy turiga mos bo‘lgan obyektlarni qurishga ruxsat beriladi.

Bunda yerlar jami yer maydonining 1%iga teng va 20 sotixdan oshmagan o‘lchamda bo‘lishi kerak. Ularda muzlatkichli omborxonalar, saralash, quritish, qayta ishlash, qadoqlash, suv tejovchi texnologiyalar va suv saqlash obyektlarini qurish mumkin.

2025−2026 yillarda meva-sabzavot mahsulotlarini aholi tomorqalari, dehqon va fermer xo‘jaliklaridan yig‘ib, saralab, qadoqlab shartnoma bilan sotgan qishloq xo‘jaligi kooperativlariga qadoq xarajatlarining 25%i qoplab beriladi. Biroq, bu har bir qadoq uchun 3 ming so‘mdan oshmasligi zarur.

Bunda qishloq xo‘jaligi kooperativlarining meva-sabzavot mahsulotlarini yig‘uvchi va tayyorlovchi a’zolari mahsulotlarni sifatli tayyorlash va eksportga chiqarish bo‘yicha sertifikatga ega bo‘lishlari kerak.

Ularni Edukarantin.uz axborot tizimi orqali olish mumkin bo‘ladi. Qishloq xo‘jaligi kooperativlari va ular a’zolarining Agroko‘makchi mobil ilovasida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalar bo‘yicha reytingi yuritiladi.

Bundan tashqari, meva-sabzavot mahsulotlari eksportini samarali tashkil etish, sifatli transport-logistika (avtomobil, temir yo‘l va avia tashuv) xizmatlari ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish maqsadida E-logistika platformasida eksportyor va tashuvchi korxonalarning to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlash imkoniyati ta’minlanadi.

Avvalroq joriy yilda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida 496 ta kooperatsiya tashkil etilib, aholi yuqori daromadli ekinlar ekishga jalb qilinishi haqida xabar berilgandi.