Amazon Xitoy va boshqa Osiyo mamlakatlaridan yetkazib berish buyurtmalarini bekor qilishni boshladi, deya xabar berdi Bloomberg nashri.
Xabar berilishicha, gap “to‘g‘ridan-to‘g‘ri import” haqida ketmoqda. Marketpleys tovarni ishlab chiqarilgan mamlakatda o‘zi ulgurji sotib olib, boj to‘lagan holda AQShdagi omborlarga yetkazib beradi. Bunday yetkazib berishlar assortimentning taxminan 40%ini tashkil etadi.
Nashr buyurtmalar bekor qilingani haqidagi ma’lumotni Amazon’ning ichki hujjatidan va ishonchli manbalardan olgan. Bekor qilingan yetkazib berishlar soni va ularning hajmi noma’lum. Kompaniya izoh berishdan bosh tortdi.
Zarar ko‘rgan ta’minotchilardan biri — shezlonglar sotuvchisi — Amazon bilan o‘n yildan ortiq hamkorlik qilgan. Xatida kompaniya “xatolik bilan qilingan buyurtmalarning bir qismidan” voz kechishini tushuntirib, ularni jo‘natmaslikni so‘ragan. Boj haqida esa hech narsa aytilmagan.
Shuningdek, Amazon’ning bir nechta yetkazib beruvchilaridan skuterlar, konditsionerlar va boshqa mahsulotlarga buyurtmalar bekor qilingan.
Yetkazib beruvchining aytishicha, ulgurji buyurtma qiymati $500 ming. Endi u boshqa xaridorlarni topishga majbur, chunki tovar ishlab chiqarilgan, ishlab chiqaruvchi esa to‘lovni kutmoqda.
Hozirda konsalting sohasida faoliyat yuritayotgan, Amazon’ning ta’minotchilar bilan ishlash bo‘yicha sobiq menejeri Skott Miller kompaniya Xitoy va Osiyodagi boshqa mamlakatlardan kelgan ayrim buyurtmalarni ogohlantirishsiz bekor qilganini tasdiqladi. Uning mijozlari, ehtimol, boshqa xaridorlarni izlashi yoki Amazon bilan kamroq foydali shartlar bo‘yicha kelishishiga to‘g‘ri keladi.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, marketpleys 2025-yil aprel oyida AQSh prezidenti Donald Tramp 185 ta davlatdan mahsulot olib kirishga bojlar oshirilishini e’lon qilganidan keyin bunday choralar ko‘rgan. O‘shanda Xitoy uchun tarif 54% bo‘lishi kutilayotgan edi.
2025-yil 9-apreldan bu ko‘rsatkich 104%gacha ko‘tarildi. Bunga javoban Xitoy 84%lik bojxona to‘lovlarini joriy etdi. Keyinchalik Tramp Xitoydan keltirilayotgan tovarlar uchun bojxona to‘lovlarini 125%gacha oshirilishini ma’lum qilgandi.
Avvalroq Spot amerikaliklar Trampning bojlari sabab oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlashga kirishgani haqida yozgandi.
Ular bojlar tufayli narxlar keskin oshib ketishidan xavotirlanib, uzoq muddat saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirmoqda.