9-aprel kuni POLITIK Central Asia Telegram-kanali o‘z manbalariga tayanib, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida vizasiz rejim bo‘lmasligi va bu bo‘yicha “hech qanday muzokaralar olib borilmayotgani” haqida xabar berdi.

Undan keyin, holat yuzasidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Gazeta.uz'ga izoh berdi. Vazirlik hozirda tomonlar davlat ichki protseduralarini yakunlash jarayonida ekanligini ma’lum qildi.

“Undan keyin 30 kunlik vizasiz rejim amal qiladi”, — dedi vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonov.

2023-yilning may oyida Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi davomida Si Szinpin bilan ikki tomonlama muzokaralarda turli sohalar qatorida turizmda ham hamkorlikni faollashtirish zarurligi ta’kidlangandi.

Muzokaralar yakunida 2023−2024 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston va Xitoy Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik dasturi imzolandi. O‘sha yilning sentabrida tomonlar yuk tashuvchi haydovchilarga vizalarni yengillashtirilgan tartibda berishni ko‘rib chiqayotgani haqida ma’lum qilingandi.

2024-yilning 1-dekabr kuni O‘zbekiston va Xitoy Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ikki mamlakat o‘rtasida vizasiz rejimni joriy etishga qaratilgan bitim imzolandi. Hujjat har ikki mamlakat fuqarolariga har bir tomonga 30 kun davomida vizasiz sayohat qilish imkonini beradi.

“Bu hujjat aloqalarimizni yanada faollashtirish, savdo aylanmasini oshirish va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir”, — deya yozadi vazir.

Avvalroq O‘zbekiston va Vetnam vizasiz rejim joriy etishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Tomonlar sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha kompleks dastur tayyorlashga kelishib oldi. Vietnam Airlines bilan hamkorlik imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.