8-aprel kuni hukumat tomonidan qabul qilingan qaror bilan mineral o‘g‘itlar va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini raqamli markirovkalashni joriy etish ma’qullandi.

Unga ko‘ra, kimyoviy vositalarni raqamli markirovkalash tajriba tarzida joriy yilning 1-mayidan yo‘lga qo‘yiladi hamda 31-oktabrgacha davom etadi. 2026-yilning 1-mayidan esa majburiy tartibda amalga oshirila boshlanadi.

Loyiha doirasida barcha azotli, fosforli, kaliyli va kompleks o‘g‘itlar, mikroo‘g‘itlar va brommetan (metilbromid) markirovka qilinishi belgilanmoqda. Shu bilan birga, unda foydalaniladigan vositalar qatorida insektitsidlar, fungitsidlar, gerbitsidlar, o‘simliklar o‘sishini boshqaruvchi va dezinfeksiyalash vositalari bor.

Tajriba loyihasida quyidagi beshta kompaniya ishtirok etadi:

  • Maxam-Chirchiq;
  • Swissagro;
  • Ifoda Agro Kimyo Himoya;
  • Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals;
  • Schelkova Agrohim-O‘zbekiston.

2024-yilning aprel oyida qabul qilingan prezident qarori bilan yo‘l xaritasida pestitsid va mineral o‘g‘itlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriq berilgandi. Bu eksportbop mahsulotlarni yetishtirishda sifatli pestitsid va mineral o‘g‘itlarni qo‘llash, kontrafakt va kontrabandaning oldini olishga qaratilgan.

O‘sha yilning may oyida raqamli markirovkalash jarayonlarini tezlashtirishga qaratilgan prezident qarori qabul qilingandi. Hujjat bilan markirovkasiz mahsulotlarni sotish holatlari aniqlanganda tadbirkorlarga nisbatan chora ko‘rish belgilangan.

Avvalroq O‘zbekistonning 10 ta tumanida kichik logistika markazlari tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaligi yerlarida mahsulot yetishtirish uchun moliyaviy qo‘llab-quvvatlash instrumentlari joriy etiladi.