Prezidentning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining eksport salohiyatini oshirish hamda qayta ishlash zanjirini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, 2025−2026-yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksportini oshirish hamda qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishning asosiy maqsadli ko‘rsatkichlari etib quyidagilar belgilandi:

  • 2025-yilda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti hajmini jami $3,5 mlrdga yetkazish;
  • 2025-yil yakunigacha 8 ta davlatga yangi 30 turdagi mahsulotlar eksporti uchun fitosanitariya ruxsatnomalarini olish;
  • istiqbolli bozorlarga 2025-yilda $442 mln, 2026-yilda $575 mln miqdoridagi meva-sabzavot mahsulotlari eksportini ta’minlash.

Bundan tashqari 2025-yilda hududlarda jami 2,1 mln tonna meva-sabzavot mahsulotlari uchun qadoqlar ishlab chiqarish bo‘yicha $40,5 mln miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish belgilangan.

2028-yil 1-yanvargacha meva-sabzavot mahsulotlarini zamonaviy qadoqlarda realizatsiyaga chiqaradigan hamda quyidagi barcha shartlarga bir vaqtning o‘zida javob beradigan tadbirkorlar uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan ijtimoiy soliq stavkalari 1% etib belgilanadi:

  • har oyda har bir xodimga ish haqi miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 2 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda hisoblanganda;
  • zamonaviy qadoqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini soliq davrida realizatsiya qilishdan tushgan umumiy tushum jami tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadning kamida 50%ini tashkil etganda.

2027-yil 1-aprelgacha dukkakli mahsulotlarni ekish, yig‘ib olish va saralash uskunalari importi uchun bojxona bojining 1%lik stavkasi qo‘llanadi.


Avvalroq Spot meva-sabzavot yetishtirish va qayta ishlash loyihalariga garovsiz kredit berilishi haqida yozgandi.

Tomorqa xizmatlarini yo‘lga qo‘ygan tadbirkorlarga imtiyozli kreditlar, aholi va dehqonlarning namunali loyihalari uchun esa grantlar ajratiladi.