O‘zbekistonga olib kelinayotgan Libero Comfort bolalar tagliklari davlat standartari talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati (UzTest) markazi matbuot xizmati xabar berdi.

4-aprel kuni markaz direktori vazifasini bajaruvchi Javlon Kattaxodjayev tomonidan imzolangan xat Bojxona qo‘mitasiga taqdim etilgan. Markaz ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan xabarlar yuzasidan munosabat bildirib, holat yuzasidan tushuntirish berdi.

Qo‘mitaga jo‘natilgan xatda Certification Control korxonasining mahsulotlarni sertifikatlashtirish idorasi tomonidan joriy yilning 21-fevralida namuna tanlab olish dalolatnomasi orqali Libero Comfort 7 mahsulotini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha murojaati kelib tushgani hamda markaz laboratoriyasida sinov olib borilgani keltirilgan.

Natijada, bolalar tagligi namunasi O‘z DSt 3482:2020 davlat standartining 5.9.1.1-bandiga mos kelmasligi, jumladan, uning tarkibida me’yoridan bir yarim baravar ko‘p miqdorda olti valentli xrom (Cr6) mavjudligi aniqlangan.

Shundan kelib chiqib ushbu mahsulot nomuvofiq deb topilib, sinov bayonnomasi rasmiylashtirilgan. Xatda UzTest holat yuzasidan hozirgi kunda Libero Comfort mahsuloti bo‘yicha importni taqiqlash choralari ko‘rilishini maqsadga muvofiq, deb hisoblashi keltirilgan. Biroq, markaz bildirilgan rasmiy izohda bunga to‘xtalmagan.

Qayd etilishicha, aniqlangan nomuvofiqlik bo‘yicha importyor tadbirkorlar bilan tushuntirish ishlari olib borilmoqda. UzTest OAV va fuqarolardan rasmiy manbalarda e’lon qilinayotgan ma’lumotlarga asoslanishni so‘radi.

Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmatining Spot’ga ma’lum qilishicha, bojxona organlarida turli so‘rovlar asosida ma’lum bir tovar importini cheklash vakolati mavjud emas. Bundan tashqari, bu kabi so‘rovlarni qanoatlantirish uchun qonunchilik bilan asoslantirish zarur.

Avvalroq O‘zstandart tomonidan O‘zbekistonda Leapmotor brendi ostidagi avtomobillarni sertifikatlash vaqtincha to‘xtatilgandi. Bunga C16 modelining xavfsizlik talablariga javob bermasligi sabab bo‘ldi. Undan keyin Xitoy kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida sinov qayta o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish

2024-yilning avgust oyida hukumat mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va muvofiqlikni baholash tartibini tasdiqladi. Hujjat xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni nazarda tutadi.

Unga inson hayoti va sog‘lig‘i, jamoat xavfsizligi uchun yuqori xavf tug‘diruvchi mahsulotlar kiradi. Xususan, bu ro‘yxatga yetti toifadagi tovarlar bor: so‘rg‘ichlar, bosh kiyimlar, paypoqli ishtonchalar, paypoqlar, 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun kiyim-kechak va idishlar, tish cho‘tkalari, bolalar tagliklari, paxta tayoqchalari va shunga o‘xshash mahsulotlar.

Yangi talablar jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlar uchun olib kiriladigan mahsulotlarga, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish maqsadida sinovlar, tadqiqotlar va laboratoriyalararo qiyosiy testlar uchun namunalarga tatbiq etilmaydi.

Texnik jihatdan tartibga solish (O‘zstandart) agentligi davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi. Agentlik xavf darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risidagi guvohnomalar reyestrini yuritadi va uning ochiqligini ta’minlaydi.

Gazeta.uz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bosqichlarini keltirdi. Bunda mahsulotni identifikatsiyalash va namunalar olish, sinovlar va o‘lchovlar o‘tkazish, shuningdek, mahsulotni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni reyestrga kiritish va guvohnoma berish kabi bosqichlar bor.

Mart oyi o‘rtalarida Biznes-ombudsman “taglik ishlab chiqaruvchilarga ortiqcha majburiyat yuklash” bilan bog‘liq vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qildi. Spot bir nechta bozor ishtirokchilari bilan bolalar tagliklari va boshqa tovarlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish joriy etilishini muhokama qildi.

Avvalroq Piskent avtopoligoniga onlayn navbat olishda himoya vositalari joriy qilinishi haqida xabar berilgandi.