Qishloq xo‘jaligi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda erta pishar piyoz narxi qimmatlashgani haqidagi tarqalgan xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

2025-yilda Jizzaxda 5 ming gektar, Navoiy — 6,7 ming gektar, Namangan — 8,4 ming gektar, Samarqand — 14 ming gektar, Surxondaryo — 2,6 ming gektar, Sirdaryo — 2,8 ming gektar, Toshkent — 2,6 ming gektar hamda Xorazmda 7,6 ming gektar kam piyoz ekilgan.

Bu 2024-yilning may-iyun oylarida piyoz narxi 500−1000 so‘mga tushib ketgani bilan izohlanadi. Shunga qaramay, joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan 12 ming tonnaga ko‘p — jami 1,41 mln tonna piyoz yetishtirilishi kutilmoqda.

2024-yilning 1-aprelida yangi piyoz narxi 5−6 ming so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 7-aprelda bu 3−3,5 ming so‘mgacha tushgan. Joriy yilning 1-aprel holatiga yangi piyoz 7−8 ming so‘mni, 9-aprelida esa 4−5 ming so‘mni tashkil etgan.

Shuningdek, o‘tgan yil hosildan zaxiraga olingan 121 ming tonna piyozning 62%i — 75 ming tonnasi shu kungacha ichki iste’mol bozoriga chiqarilgan bo‘lsa, hozirda qolgan qismi 2−3 ming so‘mdan sotilmoqda.

Vazirlik pishish davriga qarab 15-apreldan piyoz narxi 2−2,5 ming so‘mgacha arzonlashishini kutmoqda. Joriy oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunligida 70 ming tonna, may oyida esa 90 ming tonnadan ortiq piyoz pishib yetiladi.

Shu bilan birga, ilk yetilgan ekinlar narxi oshishi vaqtincha holat ekanligi, “tez orada” o‘zgarish tendensiyasiga o‘tishi ta’kidlanadi. Bundan tashqari, dehqonlar tomonidan yuqori agrotexnik tadbirlar qo‘llanilishi orqali mahsulotlarning 10−15 kun avval yetishtirilib bozorga chiqarilishi ham narxlar ta’sir qiladi.

Piyoz narxining oshishi

Avvalroq EastFruit platformasi O‘zbekistonda ertaki piyoz narxi rekord darajaga ko‘tarilganini ma’lum qildi.

Xususan, yangi hosildan olingan piyozning dastlabki partiyalari daladan o‘rtacha 5000 so‘mdan jo‘natiladi, bozorlarda esa chakana narxi 7000−8000 so‘mdan sotiladi. Buning asosiy sababi ertaki-kuzgi ekin maydonlarining sezilarli qisqarganidir.

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida piyoz narxi 1,83% ga oshgan, bu fevral oyidagi ko‘rsatkichlardan biroz yuqori (1,73%).

Poytaxt bozorlarida piyoz narxining oshishi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan ham qayd etildi. 24−28 mart kunlari piyozning minimal narxi 1500 so‘m, maksimal narxi esa 2500 so‘m bo‘lgan bo‘lsa, 7-aprel kuni minimal narx 2000 so‘mgacha (o‘sish 33%), maksimal narx 3500 so‘mgacha (+40%) ko‘tarildi.

Avvalroq ayrim zapravkalarda metan narxi 4 100 so‘mgacha oshgani aniqlani haqida xabar berilgandi.