OpenAI kompaniyasi Ilon Maskka qarshi sudga murojaat qilib, uning hujumlarini va “soxta qo‘shib olish taklifi"ni to‘xtatishni talab qildi. Bu haqda The Verge nashri xabar bermoqda.
Da’voda OpenAI huquqshunoslari Maskning “davom etayotgan hujumlari” OpenAI kelajagiga putur yetkazishga qaratilganligini va bu harakatlar to‘xtatilishi kerakligini ta’kidlamoqda.
Huquqshunoslar “keyingi noqonuniy va adolatsiz harakatlar"ni taqiqlashni hamda Maskni yetkazgan zarari uchun javobgarlikka tortishni talab qilmoqda.
“Ilonning bizga qarshi harakatlari OpenAI’ni sekinlashtirish va sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi innovatsiyalar ustidan nazoratni shaxsiy manfaatlari uchun qo‘lga olishga qaratilgan insofsiz taktikadir,” deya kompaniya o‘zining X’dagi sahifasida ta’kidladi.
Ilon Mask OpenAI asoschilari jamoasining dastlabki a’zolaridan biri edi. U 2024-yilning bahorida kompaniyani sudga berib, uni foyda ortidan quvish o‘rniga “insoniyat farovonligi uchun AGI ishlab chiqish vazifasiga qaytishga” majburlashni istayotganini aytdi. Da’vo 2024-yil iyun oyida qaytarib olinib, avgust oyida qayta kiritildi va sud jarayoni 2026-yil bahoriga rejalashtirildi.
2025-yil fevral oyida Ilon Mask OpenAI’ni sotib olish uchun $97,4 mlrd taklif qildi va kompaniyaning “dastlab qanday bo‘lgan bo‘lsa, ochiq manba kodiga qaytish vaqti keldi” deb ta’kidladi. OpenAI bu taklifni rad etdi.
Avvalroq Spot AQShning 14 ta shtati rasmiylari Ilon Mask va Donald Trampni sudga bergani haqida yozgandi.
Da’vo arizasida ta’kidlanishicha, Maskning tayinlanishi AQSh Konstitutsiyasini buzadi, chunki u Senat tomonidan tasdiqlanishi lozim bo‘lgan vazifalarni bajarmoqda.