Jahon banki Inspeksiya kengashi Tojikistondagi Rog‘un GESi qurilishi bilan bog‘liq loyihalarni tekshirish bo‘yicha rasmiy so‘rov e’lon qildi.
Amudaryoning quyi oqimida yashovchi O‘zbekiston va Turkmaniston mahalliy aholisi nomidan Jahon bankining xatti-harakatlari ustidan berilgan shikoyatda ushbu keng ko‘lamli gidroenergetika loyihasi bilan bog‘liq jiddiy va ortga qaytarib bo‘lmaydigan ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy xavflar ta’kidlangan.
Arizachilarning manfaatlarini “Chegarasiz daryolar” (Rivers without Boundaries) xalqaro ekologik ittifoqi ifodalaydi. Ekologlar ta’kidlashicha, kelgusi tergov Rog‘un GESi qurilishi loyihasining Jahon bankining o‘z ijtimoiy-ekologik me’yorlariga muvofiqligi haqidagi hal qiluvchi savollarga javob berishi lozim.
Ariza beruvchilar aytishicha, Rog‘un GES qurilishini moliyalashtirish to‘g‘risidagi qaror Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan, loyihaning zaif ekotizimlar va Amudaryo havzasi aholisiga transchegaraviy xavf-xatarlar va jamlangan ta’sirini to‘liq aks ettirmagan, to‘liqsiz va eskirgan ma’lumotlarga asoslangan Atrof-muhit va ijtimoiy muhitga ta’sirni baholash (AMTB) hisobotiga qaramay qabul qilingan.
So‘rovda Rog‘un GESi qurilishi loyihasini amalga oshirishning mintaqa uchun ehtimoliy halokatli oqibatlari bayon etilgan. Jumladan, suv omborini to‘ldirishda Amudaryo deltasiga keladigan oqim sezilarli darajada (25%gacha va undan ortiq) kamayishi mumkinligi ta’kidlangan.
Ulkan Rog‘un suv omborini barpo etish va undan foydalanish natijasida suv rejimining o‘zgarishi mavjud cho‘llanish va tuproq sho‘rlanishi muammolarini yanada kuchaytirishi, O‘zbekiston va Turkmanistondagi 8−10 mln aholi salomatligi va farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi emumkin.
Ayniqsa, noyob to‘qayzorlar, jumladan, 2023-yilda YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan “Yo‘lbars soy” qo‘riqxonasi, shuningdek, Amudaryo soxta kurakburuni kabi butunlay yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida turgan baliq turlari taqdiri jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.
“Rogun GESi loyihasi hozirgi chala holatda Markaziy Osiyodagi ekologik barqarorlik va millionlab odamlarning farovonligi uchun ulkan tahdiddir. So‘rovning Inspeksiya kengashi tomonidan ro‘yxatga olinishi bizning xavotirlarimiz jiddiyligini tasdiqlovchi muhim qadamdir”, — deydi “Chegara bilmas daryolar” ekologik koalitsiyasining xalqaro koordinatori Yevgeniy Simonov.
Uning qayd etishicha, Jahon banki yetakchi xalqaro moliya instituti sifatida o‘zining ijtimoiy-ekologik standartlarini e’tiborsiz qoldira olmaydi va loyihani moliyalashtirishni davom ettirishdan oldin barcha xavf-xatarlarni har tomonlama va xolisona baholashni ta’minlashi shart.
Avvalroq OTB Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi elektr uzatish tarmoqlarini qurish uchun $15 mln ajratishi haqida yozgandi.
Mablag‘ Tojikistondagi “Sug‘d” va O‘zbekistondagi “Yangi Sirdaryo” podstansiyalari o‘rtasida 22 km uzunlikdagi yangi elektr uzatish tarmoqlari qurilishiga yo‘naltiriladi.
Loyiha kelgusida Tojikistondagi Rog‘un GESida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini uzatishning muhim tarkibiy qismiga aylanadi: