Avvalroq 9-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm salohiyatini oshirish, xorijiy hamkorlar bilan investitsiya loyihalarini tezlashtirishga qaratilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida 2025-yilda 15 mln xorijiy sayyoh kelishi kutilayotganini, 2030-yilga borib ularning soni 20 mlnga yetishini qayd etdi.
Davlat rahbari ichki turizmni rivojlantirish maqsadida tegishli loyiha ishlab chiqib, dam olish kunlari oilaviy dam olish uchun sharoit yaratish bo‘yicha topshiriq berdi. Choriyev asosiy vazifalar qatorida xalqaro aviaqatnovlarni kengaytirish vazifasi berilganini ta’kidladi.
“Prezidentimiz Xitoyga alohida e’tibor berishni, mamlakatdan keladigan turistlarga qulayliklar yaratishni topshirdi. Ularni xitoy tilida kutib olish, aeroportlar va vokzallarda dasturlarni xitoy tilida taqdim etish belgilandi”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Shuningdek, u Eron, Misr, Pokiston va Malayziya bilan sayyohlik aloqalarini kengaytirish, ushbu mamlakatlardan sayyohlarni ko‘proq jalb qilish hamda barcha sayyohlar uchun mamlakat hududida ko‘proq bo‘lish imkonini yaratish rejalashtirilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilning 11 oyida O‘zbekistonga Xitoydan 66,6 mingdan ortiq sayyoh tashrif buyurgan — bu 2023-yilning shu davriga nisbatan 56,8% ga ko‘p. Ularning ayrimlari — qariyb 54 ming nafari turistik maqsadda tashrif buyurgan. Qolgan maqsadlarga xizmat, qarindoshlarni yo‘qlash, tijorat va o‘qish hamda davolanish kiradi.
Avvalroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Xitoy bilan vizasiz rejim bo‘yicha muzokaralar to‘xtatilgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.