AQSh prezidenti Donald Tramp 75dan ortiq mamlakat uchun keng ko‘lamli import bojlarini joriy etishni 90 kunga kechiktirishini e’lon qildi va bu davr mobaynida stavkani 10%gacha pasaytirdi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qildi.

Qaror darhol kuchga kirdi va Xitoydan tashqari, AQShning barcha asosiy savdo hamkorlariga taalluqli bo‘ldi. Tramp o‘zining Truth Social sahifasida tushuntirishicha, choralarning yumshatilishi o‘nlab davlatlar AQShdan boj choralarini muhokama qilishni so‘ragani va o‘zlari javob bojlarini kiritmagani bilan bog‘liq.

Shu sababli, ma’muriyat yondashuvni vaqtincha yumshatish va maslahatlashuvlarni davom ettirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

“Men 90 kunlik pauzaga ruxsat berdim va shu davr mobaynida o‘zaro tarifni sezilarli darajada pasaytirib, 10%ga tushirdim. Bu qaror darhol kuchga kirdi”, deb yozgan Tramp.

Trampning aytishicha, javob tariflarini joriy etgan Xitoyga nisbatan boshqacha munosabat ko‘rsatildi. Natijada Xitoy importi uchun stavka 125%acha oshirildi. Bu joriy savdo siyosati paketidagi eng qat’iy chora hisoblanadi.

Keng ko‘lamli bojlar joriy etilishi haqida AQSh prezidenti 2-aprel kuni e’lon qildi. Dastlab hujjat 180 ga yaqin mamlakat va hududni qamrab olgan bo‘lib, ularda stavka 10%dan deyarli 50%gacha o‘zgarib turardi.

Eng yuqori bojlar orasida Vyetnam uchun 46%, Shri-Lanka uchun 44% va Kambodja uchun 49% bojlar mavjud. Rossiya bojlar ro‘yxatiga kiritilmagan, Ukraina uchun esa 10%lik asosiy stavka belgilangan.

Jahon moliya bozorlari bu tashabbusga keskin pasayish bilan munosabat bildirdi. Asosiy fond indekslari investorlarning ehtimoliy savdo qarama-qarshiligidan xavotirlanishi tufayli so‘nggi oylardagi eng katta yo‘qotishlarni qayd etdi.


Avvalroq Spot amerikaliklar Trampning bojlari sabab oziq-ovqat mahsulotlarini g‘amlashga kirishgani haqida yozgandi.

Ular bojlar tufayli narxlar keskin oshib ketishidan xavotirlanib, uzoq muddat saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasini shakllantirmoqda.