O‘zbekiston va AQSh turli sohalarda hamkorlik qilish bo‘yicha yangi kelishuvlarni imzoladi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
7-aprel kuni vazir Laziz Qudratov boshchiligidagi delegatsiyaning Qo‘shma Shtatlarga tashrifi doirasida tog‘-kon sanoati, mehmonxona biznesi va oziq-ovqat sanoati sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Kompaniyalarga samarali investitsiya takliflari va O‘zbekistonda biznesni olib borish uchun yaratilgan shart-sharoitlar taqdim etildi. Amerika tomoni kompaniyalarning O‘zbekistondagi tajribasidan kelib chiqib, hamkorlikni rivojlantirishga tayyorligini bildirdi.
Yakunda foydali qazilmalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida kelishuvlar imzolandi. Shu bilan birga, foydali qazilma konlarini qidirish va qazib olishga investitsiyalar kiritish, yuqori darajada maydalash komplekslarini (HPGR) qurishga kelishildi.
Bundan tashqari, tomonlar innovatsion texnologiyalarni jalb etish va muhim xomashyo uchun qo‘shilgan qiymat yaratish, o‘zbekistonlik mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha bitim imzolandi.
Shuningdek, turizm sohasidagi loyihalar doirasida mehmonxonalar qurishni amalga oshirish muddatlari kelishib olindi. Har bir loyihaga mas’ul loyiha menejeri tayinlandi.
2023-yilning sentabr oyida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo va AQSh (C5+1) davlat rahbarlari sammitida muhim foydali qazilmalarni qazib chiqarish bo‘yicha hamkorlik ko‘rib chiqildi. O‘shanda Amerika tomoni yaqin yillarda energiya xavfsizligini ta’minlash istagida ekanligi ta’kidlangandi.
2024-yilning kuzida O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida muhim xomashyo sohasida anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat muhim xomashyo sohasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, boshqa yo‘nalishlardagi aloqalarni rivojlantirishni nazarda tutadi.
Avvalroq AQSh Markaziy Osiyo bilan savdodagi cheklovlarni olib tashlashni taklif qilgani haqida xabar berilgandi.