AQSh aholisi Donald Tramp tomonidan import mahsulotlariga bojlar joriy etilishi fonida kundalik ehtiyoj mollarini xarid qilmoqda. Bu haqda The Independent gazetasi xabar berdi.
Nashr suhbatdoshlari “barcha” narsalarning (loviya, konservalar, un kabi) ikki hissa miqdorini, uzoq muddat saqlanadigan mahsulotlarni, shuningdek, arzonroq brendlar tovarlarini sotib olayotganlarini aytishdi.
GCG logistika kompaniyasi asoschisi Manish Kapurning tushuntirishicha, bojlar pandemiya davrida yuzaga kelgan do‘kon javonlarining bo‘shab qolishi haqidagi xavotirlarni uyg‘otmoqda.
O‘shanda ta’minot zanjiridagi uzilishlar oziq-ovqat tanqisligi va inflyatsiyaga olib kelgan edi.
“Hozirgi vaziyatga reaksiya hali [pandemiya davridagi] darajaga yetmagan, biroq odamlar tovarlar narxi oshishidan xavotirda va shu sababli zaxira qilishga qaror qilishdi”, deya ta’kidladi u.
Tax Foundation tadqiqotchilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, Tramp tomonidan importga joriy etilgan yangi bojlar kelgusi o‘n yil mobaynida amerikaliklarga 3,1 trillion dollarga tushishi kutilmoqda.
Tramp 2-aprel kuni 211 ta davlat va hududdan tovarlar importiga 10%dan 50%gacha boj joriy qildi. U AQSh iqtisodiyotini sog‘lomlashtirish kerakligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi yig‘imlar tufayli AQSh kuniga $2 mlrddan daromad olmoqda.
“Men nima qilayotganimni bilaman”, — dedi Tramp Vashingtondagi Kongress milliy respublika qo‘mitasining yillik xayriya kechki ovqatida.
Trampning yangi qoidalari javobsiz qolmadi. Xitoy AQShdan keltirilayotgan mahsulotlarga bojxona to‘lovlarini 84%gacha ko‘tardi, Kanada esa yengil va yuk avtomobillari importiga 25%lik boj joriy etishga qaror qildi. Yevropa komissiyasi ham Yevropa mamlakatlariga 25%lik bojxona to‘lovlarini kiritishni taklif etdi.
Yevropa Ittifoqining Tramp bojlariga javob berishga tayyorligi haqida fevral oyidayoq Germaniya vitse-kansleri, iqtisodiyot va iqlimni muhofaza qilish vaziri Robert Xabek ogohlantirgan edi.
U, shuningdek, tariflar AQShda inflyatsiyaning o‘sishiga olib kelishini, shu bois amerikaliklar ham “yo‘qotadigan narsalari borligini” ta’kidlagan. Keyinchalik Germaniya vaqtincha kansleri Olaf Shols bojlar bilan bog‘liq vaziyatda “faqat mag‘lublar bo‘lishini” aytdi.
Kreml vaziyatni “nihoyatda beqaror, keskin va hissiy jihatdan haddan tashqari zo‘riqqan” deb baholadi hamda Rossiya iqtisodiyotiga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi. AQSh Rossiya va Belorussiyaga nisbatan boj joriy etmadi.
Avvalroq Spot Trampning boyligi o‘zi joriy etgan boj tariflari sababli $500 mlnga kamaygani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, Tramp yangi tariflarni e’lon qilishdan oldin uning boyligi $4,7 mlrdga baholangan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkicha $4,2 mlrdgacha tushdi.