UzAuto Motors Chevrolet Malibu, Traverse va Tahoe avtomobillari sotuvini vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqdagi ma’lumotni avtomobil ishlab chiqaruvchisining matbuot xizmati Spot’ga tasdiqladi.
Hozirda Uzavtosavdo saytida faqat Damas-2, Tracker-2, Captiva 5T va Onix avtomobillari uchun shartnoma tuzish mumkin.
“Avtostrada” nashrining yozishicha, mart oyining o‘rtalaridan boshlab premium avtomobillar uchun shartnomalar berish to‘xtatilgan. Buning ehtimoliy sabablaridan biri sifatida amaldorlarning xorijiy xizmat avtomobillaridan voz kechib, mahalliy avtomobillarga o‘tayotgani keltirilgan.
“Avtomobillar [Malibu, Traverse va Tahoe] modellari bilan to‘liq shartnoma tuzilgan. Tez orada qo‘shimcha hajmlarni sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqdamiz”, — deya ma’lum qildi UzAuto Motors.
Kompaniya UzAuto Motors’ning rasmiy axborot kanallari orqali sotuvlar qayta tiklangani haqida qo‘shimcha xabar berilishini qayd etdi.
5-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev rasmiylarga xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobil va mebelga o‘tish bo‘yicha ko‘rsatma bergandi. Bir necha kundan keyin esa bosh vazir Abdulla Aripov barcha amaldorlarga xorijiy xizmat mashinalaridan foydalanishni to‘xtatishni topshirdi, uning o‘zi esa xizmat avtomobilini Mercedes-Benz'dan Malibu’ga o‘zgartirdi.
Bundan tashqari, Senat raisi Tanzila Narbayeva va Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Chevrolet Tahoe, bosh vazir o‘rinbosarlari Malibu, viloyat hokimlari esa Tahoe yoki Traverse avtomobillardan xizmat mashinasi sifatida foydalanmoqda.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov ham xizmat avtomobilini Mercedes-Benz'dan Malibu’ga o‘zgartirgan. Tuman hokimlari esa allaqachon Chevrolet avtomobillaridan foydalanishni boshlagan.
Shu kungacha foydalanib kelingan avtomobillar bosqichma-bosqich E-auksion orqali sotiladi.
Avvalroq Leapmotor muhandislari O‘zbekistonda avtomobillarning takroriy texnik sinovlarida ishtirok etishi haqida xabar berilgandi.