10-aprel kuni prezident tomoidan imzolangan qonun bilan avtobus yo‘laklarida harakatlanganlik uchun jarimalar belgilandi.
Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilib, avtomobillarni trotuarlardan, piyodalar va velosiped yo‘lkalaridan hamda ularga tutash hududlardagi yashil maydonlardan yurgizganlik, noqonuniy sun’iy to‘siq va boshqa qurilmalar o‘rnatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Xususan, ushbu kodeksga yangi 128−7-moddasi kiritilib, jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Bunda tasmali yo‘lakdan harakatlanish BHMning 1 (375 ming so‘m) baravari miqdorida, xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa — BHMning 3 baravari (1,125 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu qonun loyihasi joriy yilning yanvar oyida Qonunchilik palatasi tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilinib, Senat tomonidan mart oyida ma’qullangandi.
“A” tasmali yo‘l
2022-yilning dekabridan Toshkentda alohida avtobus yo‘lakchalari tashkil etila boshlandi. Mazkur yo‘lakchalarda avtobuslardan tashqari faqatgina tez yordam, yong‘in xavfsizligi va IIV avtomobillari harakatlanishi mumkin.
2023-yil oxiriga kelib esa, avtobus tasmalarida harakatlangan avtomobillarni maxsus kameralar orqali qayd etish yo‘lga qo‘yildi. Bunda tasmalarga sababsiz o‘tib to‘xtagan, harakatlangan, avtobuslarning harakatiga xalaqit bergan, qoldirib ketilgan avtomobillar aniqlanib, jarimalarga tortildi.
Masalan, videokameralar bir kunda avtobus yo‘laklarida to‘xtab turgan 175 ta avtomobilni aniqladi. Buning uchun haydovchilar 680 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.
2024-yilning noyabr oyida Qonunchilik palatasi avtobus yo‘lagida harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun jarima joriy etilishini ma’lum qildi.
Dastlab birinchi marta sodir etilgan qoidabuzarlik uchun BHMning 3 baravari (1,12 mln so‘m), takror sodir etilganda BHMning 5 baravari (1,87 mln so‘m) miqdorida jarima belgilash taklif etilgandi. Biroq, quyi palata xorij tajribasi asosida uning miqdorini kamaytirdi.
Avvalroq IIV tomonidan yo‘l harakati qoidabuzarliklarini jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yilgani haqida xabar berilgandi.