Markaziy bank fuqarolarni Tezkor to‘lovlar tizimiga ulashni rejalashtirmoqda. Bu haqda 11-aprel kuni bo‘lib o‘tgan media-muloqotda Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti rahbari o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Miraziz Mirhayotov Spot muxbirining kartadan kartaga pul o‘tkazmalari uchun komissiya olinmaydigan miqdorni belgilash haqidagi savoliga javoban, ko‘plab banklar va to‘lov tashkilotlari allaqachon foizsiz p2p o‘tkazmalarini taklif qilayotgani, fuqarolar esa telefonga turli mobil ilovalarni o‘rnatish orqali foydalanayotganini aytdi.

Markaziy bank departamenti direktori o‘rinbosari banklar va to‘lov servislari ilovalaridagi tariflarni markazlashgan holda boshqarishga qarshi chiqib, bunday amaliyot 2017-yilgacha qo‘llanilganini ta’kidladi.

“Agar komissiyasiz o‘tkazmalar majburiy joriy etilsa, bu xizmatning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Masalan, bankomatlardan yoki p2p o‘tkazmalardan pul yechishda komissiyani bekor qilish mobil ilovalarning ishlashiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi yoki boshqa muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Biz [komissiyalarning] bozor narxlari va raqobat tarafdorimiz”, — dedi u.

Mirhayotovning qayd etishicha, Markaziy bankda jismoniy shaxslarni hozirda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar foydalanayotgan Tezkor to‘lovlar tizimiga ulash bo‘yicha “rejalar mavjud”. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tizimni yaratish ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi.

Ushbu rejalar amalga oshirilgan taqdirda, Markaziy bank komissiyalarni belgilash bo‘yicha takliflarni ilgari surishi mumkin. Biroq, taklif etilayotgan tariflar sog‘lom raqobatga va bozorning boshqa ishtirokchilariga ta’sir qilmasligi kerak, bu “nozik masala”, deya ta’kidladi Mirhayotov.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda biznesga uzluksiz hisob-kitob qilish imkonini beruvchi Tezkor to‘lovlar tizimi orqali 917,9 trln so‘mlik 47,6 mln tranzaksiya amalga oshirilgan. Ikkala ko‘rsatkich ham 2023-yilga nisbatan yarmidan ko‘proqqa oshgan.

Avvalroq Markaziy bank pul o‘tkazmalariga qo‘yiladigan yangi talablar yuzasidan izoh bergandi.