Microsoft asoschisi Bill Geyts o‘z boyligining atigi “arzimas” qismini farzandlariga meros qilib qoldirmoqchi ekanligi ma’lum bo‘ldi.

69 yoshli Geyts hind podkasteri Raj Shamani bilan suhbat chog‘ida farzandlarining har biri uning boyligining 1%idan kamrog‘ini olishini aytdi.

“Mening holatimda, farzandlarim a’lo darajada tarbiya va ta’lim olishdi, biroq ular umumiy boylikning 1%idan kamrog‘ini olishadi, chunki men bu ular uchun foydali bo‘lmasligiga ishonch hosil qildim. Bu sulola emas. Men ulardan Microsoft’ni boshqarishni talab qilmayman”, — dedi Geyts.

U “1% dan kam” deganda aniq qancha pulni nazarda tutayotganini aytmadi. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Geytsning umumiy boyligi $108 mlrdga baholanmoqda.

Bunda, uning katta qismi qimmatli qog‘ozlar va boshqa aktivlardan iborat bo‘lib, ularning qiymati taxminiy hisoblanadi va har doim ham pulda ko‘rsatilgan summaga aylantirilishi mumkin emas.

Agar uning har bir farzandi $1 mlrddan olsa, bu ham rasman Geyts boyligining har bir farzandiga “bir foizdan kamroq” ulush bo‘ladi. Microsoft asoschisining jami uchta voyaga yetgan farzandi bor — ular 28, 25 va 22 yoshda.

“Men ularga o‘z muvaffaqiyatlari va daromadlariga erishish, ahamiyatli bo‘lish imkoniyatini bermoqchiman. Ular men ega bo‘lgan g‘ayritabiiy omad va baxt soyasida qolishlarini istamayman”, — deb qo‘shimcha qildi Geyts.

Geyts sobiq xotini bilan birgalikda AQShdagi eng yirik xayriya jamg‘armasining hammuassisi hisoblanadi. Ular o‘z boyliklarining katta qismini ushbu jamg‘armaga sarmoya qilishgan.


Avvalroq Bill Geyts sun’iy intellekt o‘n yildan so‘ng shifokorlar va o‘qituvchilarning o‘rnini egallashi haqida aytgandi.

Geytsga ko‘ra, sun’iy intellektga asoslangan texnologiyalarning tez rivojlanishi tibbiy xizmat ko‘rsatish va tashxis qo‘yishni yaxshilashdan tortib, sun’iy intellekt repetitorlari va virtual yordamchilarning keng tarqalishigacha bo‘lgan sohalarda kuzatiladi.