Xitoyning Leapmotor kompaniyasi O‘zbekistonda brend avtomobillarini sertifikatlashtirish to‘xtatilgani holati yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Kompaniyaning 9-aprel kuni e’lon qilingan rasmiy bayonotida O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan Leapmotor C16 elektromagnit moslashuvchanlik (EMC) sinovidan o‘ta olmagani haqidagi ogohlantirish xati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgani qayd etilgan.

Leapmotor tomonidan olib borilgan o‘rganishlar natijasida ogohlantirish xatida keltirilgan avtomobil kompaniya tomonidan tekshiruvga taqdim etilmagani ma’lum bo‘lgan.

“Sinovdan o‘tkazilgan avtomobilning aniq holati va tekshiruv talablari noma’lum. Shu sabab ham, uning natijalari yuzasidan e’tirozlarimiz bor”, — deyiladi xabarda.

Shuningdek, kompaniya Texnik tartibga solish agentligi bilan bog‘langanini, tomonlar qayta sinov o‘tkazish ustida ish olib borayotganini qayd etgan. “Shaffof va obyektiv sinovlar orqali Leapmotor’ning haqiqiy ish faoliyatini ko‘rsatishga harakat qilamiz”, — deya xulosa qilingan.

Mart oyi oxirida O‘zstandart tomonidan O‘zbekistonda Leapmotor brendi ostidagi yengil avtomobillarni sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi. Sinovlar M1 toifasidagi Leapmotor C16 rusumli avtomobili belgilangan xavfsizlik talablariga javob bermasligini ko‘rsatgan.

Undan keyin Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi O‘zbekistonda Leapmotor avtomobillari sertifikatsiyasiga qo‘yilgan cheklovlarxitoylik mutaxassislar ishtirokida qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Avvalroq mamlakatga olib kelinayotgan Libero Comfort bolalar tagliklari davlat standartiga javob bermasligi aniqlangandi. UzTest ushbu mahsulot bo‘yicha importni taqiqlash choralari ko‘rilishini maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.