O‘zbekistonda import mahsulotlarini sertifikatlashtirish tartibini bekor qilib, bozor nazoratini o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Texnik jihatdan tartibga solish agentligi Muvofiqlikni baholash bo‘yicha texnik siyosatni amalga oshirish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Dodoyev Kun.uz nashrining Kun podkastida ma’lum qildi.

Dodoyev agentlik xatti-harakatlari xorijdan tovarlarni olib kirishni cheklashga emas, balki mamlakat ichki bozoriga sinovdan o‘tgan xavfsiz mahsulotlarni yetkazib berishga qaratilganini qayd etdi.

Shuningdek, u iqtisodchi Otabek Bakirovning “agentlikni to‘liq isloh qilish kerak"ligi borasidagi mulohazalariga javoban, muvofiqlik sertifikatlarini berish jarayonlarini tartibga solish masqadida agentlik tomonidan yangi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.

“Biz bozor nazorati qonunini ishlab chiqib, joriy etmoqchimiz, bu orqali faqat bozor qoidalari amal qiladi. Ya’ni, O‘zbekistonga mahsulot cheklanmagan miqdorda kirib keladi hamda u import jarayonida emas, balki ichki bozorda erkin muomalaga chiqarilganidan keyin muvofiqlik tekshiruvidan o‘tkaziladi. Bunda savdo rastasidan namuna tanlab olinib, laboratoriyaga topshiriladi. Agar bu mahsulot nomuvofiq deb topilsa, unga taqiq qo‘yiladi”, — dedi agentlik vakili.

Dodoyevning tushuntirishicha, yangi qonun loyihasi mahsulot ishlab chiqaruvchisi yoki tadbirkorga cheklov kiritishni nazarda tutmaydi. Bu jarayonda nomuvofiqligi aniqlangan mahsulotlarni mamlakatga olib kelgan importchi korxona bilan bog‘lanilib, undan keyin ishlab chiqaruvchi xorijiy korxonaga chiqiladi.

Texnik tartibga solish agentligi boshqarmasi boshlig‘i qonun Jahon savdo tashkiloti talablari asosida ishlab chiqilayotganini qo‘shimcha qildi. Shu bilan birga, hujjat sertifikatlashtirish tizimidan voz kechishni nazarda tutadi.

“Bu jarayonda sertifikatsiya talablaridan voz kechib, butun dunyo tajribasida bo‘lgani kabi mahsulotlarni mamlakatga olib kirishga ruxsat beramiz. Lekin, ichki bozorda sotilayotgan mahsulot nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshirilib, nomuvofiq deb topilsa, qonunchilikda keltirilgan tartibda javobgarlik belgilanadi. Ya’ni, bu mahsulotni bozordan chiqarib olish va sotishni cheklashni nazarda tutadi”, — dedi Alisher Dodoyev.

Hozirda yangi qonun loyihasi bo‘yicha jarayon vazirlik va idoralar bilan kelishuv bosqichida turibdi. Dodoyev Adliya vazirligining ijobiy xulosasi olingandan keyin joriy yil oxirigacha jamoatchilikka e’lon qilinishini bildirdi.

Bundan tashqari, u sertifikatlashtirish tizimi O‘zbekiston bozoriga kirishda asosiy hujjat bo‘lib qolayotganini tan olib, uni bekor qilish ichki bozorda erkin savdo jarayonini ta’minlashini qayd etdi.

“Biz sertifikatlashdan voz kechib, bozor nazoratini joriy qilsak, barcha masalamiz, shu jumladan, mahsulot importini cheklash kabi talablar ham hal bo‘ladi. Bozorga chiqib, savdo qilishing mumkin, lekin, bilginki, mahsuloting nomuvofiq chiqsa, chiqargan butun mahsulotingni bozordan qaytarib olasan”, — deya xulosa qildi agentlik boshqarmasi boshlig‘i.

Avvalroq Texnik tartibga solish agentligi tomonidan O‘zbekistonda Leapmotor brendi ostidagi avtomobillarni sertifikatlash vaqtincha to‘xtatilgandi. Bunga C16 modelining xavfsizlik talablariga javob bermasligi sabab bo‘ldi. Undan keyin Xitoy kompaniyasi mutaxassislari ishtirokida sinov qayta o‘tkazilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, mamlakatga olib kelinayotgan Libero Comfort bolalar tagliklari davlat standartiga javob bermasligi aniqlangan. UzTest ushbu mahsulot bo‘yicha importni taqiqlash choralari ko‘rilishini maqsadga muvofiq, deb hisoblaydi.