10-aprel kuni Italiyaning Prada Group kompaniyasi Versace moda uyining 100%ini $1,37 mlrdga (1,25 mlrd yevro) sotib olish bo‘yicha kelishuvni yakunlaganini e’lon qildi.

Premium toifadagi kiyim-kechak va aksessuarlar ishlab chiqaruvchisini sotib olish bo‘yicha Amerikaning Capri Holdings kompaniyasi bilan kelishuvga erishildi.

Prada Versace brendini sotib olishni 1,5 mlrd yevrolik qarz majburiyatlarini chiqarish orqali moliyalashtirmoqda. Bu majburiyatlar 1 mlrd yevrolik muddatli kredit va 500 mln yevrolik oraliq kreditdan iborat.

Bitim Prada va Capri Holdings direktorlar kengashlari tomonidan ma’qullandi. Uni 2025-yilning ikkinchi yarmida, tegishli nazorat organlaridan zarur ruxsatnomalar olingandan so‘ng, yakunlash rejalashtirilgan.

BBC News Russkaya slujba insayderlarga tayanib yozishicha, dastlab kelishuv summasi $1,6 mlrdga kelishilgan. Biroq, so‘nggi kunlarda AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan Versace biznesini yomonlashtirishi mumkin bo‘lgan tariflar joriy etilgandan so‘ng, narx qayta ko‘rib chiqildi.

Shunday qilib, Capri Versace brendini 2018-yilda Versace oilasidan 1,83 mlrd yevroga sotib olganiga qaramay, uni arzonroq narxda sotdi.

Bitim Versace uchun dastlab so‘ralgan yuqori summa ($3 mlrd) va fond bozorlaridagi beqarorliklar tufayli Capri aksiyalari qiymatining pasayishi sababli amalga oshmasligi mumkin edi.

Kommersant nashrining xabar berishicha, yanvar oyida Prada Group’ning Versace’ni sotib olishga qiziqayotgani ma’lum bo‘ldi.

AQShdagi Capri Holdings xoldingi 2023-yilda hashamatli buyumlarga ixtisoslashgan boshqa xolding — Tapestr bilan birlashish rejasi barbod bo‘lganidan so‘ng, alohida brendlarni sotish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgan edi. Bitim summasi $8,5 mlrdga baholangan, ammo sud uni to‘xtatib qo‘ygan.