Avvalroq Shavkat Mirziyoyevga “Shaharsozlik renovatsiyasi to‘g‘risida"gi qonun loyihasi taqdim etilgani haqida xabar berilgandi. Renovatsiya tashabbuskorlari mulkdorlarga yangi uy-joy yoki kompensatsiya berishi kerak bo‘ladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov O‘zbekiston 24'ga bergan intervyusida ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan 1991-yilgacha qurilgan ikki va uch qavatli, shuningdek, eskirgan va avariya holatidagi uylarni buzish va rekonstruksiya qilish belgilanganini qayd etdi.

Har bir renovatsiya hududi bo‘yicha alohida master reja ishlab chiqilib, investitsiya jalb qilishga ruxsat beriladi. Shuningdek, hokimliklar va investorlar bilan birgalikda direksiya tashkil etiladi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, renovatsiya jarayonida aholi ham ishtirok etadi va loyihalarni amalga oshirishda sanitariya me’yorlariga rioya etilishiga e’tibor qaratiladi. Energiya tejamkor va yashil hududli uy-joylar quriladi.

“Aholiga o‘zi yashab turgan xonadon maydonidan kelib chiqib, xuddi shunday uy-joy maydonlari taklif etiladi. Master-rejalarning jozibador bo‘lishida aholining o‘zi ham ishtirok etadi. Bu ishlarni davom ettirish va fuqarolarni uy-joy bilan ta’minlashga katta turtki beradi”, — deya xulosa qildi Sherzod Hidoyatov.

Adliya vaziri Akbar Toshqulovning qayd etishicha, har bir renovatsiya hududida aholi roziligi olinib, ularga kompensatsiya to‘lovlari ko‘zda tutilgan. Renovatsiya to‘g‘risidagi qonunni amalga oshirish belgilangan hududlarda tajriba tarzida boshlanadi.

Toshqulov qonun loyihasi ishlab chiqilgunga qadar uy-joylarni renovatsiya qilish sohasida “huquqiy bo‘shliq” bo‘lgani, loyihalarni kelishish bo‘yicha aholi, tadbirkorlar va investorlar o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga kelganini ta’kidladi. Tashkil etilayotgan direksiya tarkibiga aholi va hokimliklar vakillari kiradi, davlat esa renovatsiya jarayonini kafolatli amalga oshirilishi ta’minlanadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Davron Odilov mamlakatda 60−70 yil oldin qurilgan, ta’mirlash imkoni mavjud bo‘lmagan ko‘plab uylar borligini, ularni tiklash uchun yangi uy-joylar qurish kerakligini aytdi.

“Eng avvalo, keng jamoatchilik, renovatsiya hududida yashovchi aholining fikrini inobatga olinadi. Ularning takliflari va e’tirozlari asosida mukammal master-plan ishlab chiqilib, unga muvofiqlashtirilgandan keyin loyihalar amalga oshiriladi”, — dedi Qurilish vaziri o‘rinbosari.

Odilov prezident topshirig‘i bilan sinov tarzida bir nechta loyihalar amalga oshirilishini ta’kidladi. Undan keyin, fuqarolarning talab va takliflari asosida loyihalarga qo‘shimchalar kiritilib, takomillashtiriladi.

Renovatsiya

2024-yilning fevral oyi oxirida Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxtda 500 gektar hudud rekonstruksiya qilinayotgani, uzoq muddatga mo‘ljallangan ikki qavatli uylar va Sergelida vaqtinchalik uylar joylashganini ma’lum qildi.

Aprel oyida prezidentning ipoteka kreditlash to‘g‘risidagi qarori bilan Adliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor idoralarga xorijiy tajribani o‘rganib, hukumatga renovatsiya to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini iyulgacha kiritish topshirildi.

Shayxontohur tumani, Olim Xo‘jayev mahallasida boshlangan renovatsiya loyihasi misolida har bir hududda bittadan renovatsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bunda hududlarda renovatsiya loyihalari amalga oshiriladigan massivlar tanlanib, manzilli dastur tasdiqlanadi.

Iyul oyida “Renovatsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Avgustda poytaxt hokimi Toshkentning oltita tumanida renovatsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi qarorni imzoladi.

Adolat” va “O‘zLiDep” siyosiy partiyalari ushbu qarorni tanqid qilib, renovatsiya uchun huquqiy asos yo‘qligini ta’kidladi. Parlament a’zolari renovatsiya uchun mavjud turar-joy binolarini buzish zarurligini ta’kidladilar. Undan keyin hokimlik renovatsiya loyihasi faqat aholi roziligi bilan amalga oshirilishini bildirdi.

Oktabr oyida Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishib, unda Toshkent konservatsiya, rekonstruksiya hamda renovatsiya zonalariga ajratilishi ma’lum qilindi.

Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan davlat rahbari farmoni bilan 1-martdan renovatsiya asosida ko‘p kvartirali uy-joylarni barpo etishning yangi tartibi joriy etilishi belgilangan. Xususan, renovatsiya loyihasini boshlashga barcha mulkdorlar bilan notarial tasdiqlangan kelishuv bitimi imzolanganidan so‘ng ruxsat beriladi.

Avvalroq Sirdaryo viloyatida renovatsiya dasturi asosida 15 ming xonadonli uy-joy qurilishi haqida xabar berilgandi.