Bloomberg Billionaires Index reytingida keltirilgan milliarderlarning umumiy boyligi 9-aprel kuni Donald Trampning bir qator mamlakatlarga nisbatan bojlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarori tufayli fond bozorlari keskin ko‘tarilganidan so‘ng $304 mlrdga oshdi.
Bu Bloomberg agentligi tomonidan 2012-yil mart oyidan beri indeks tarixidagi eng yirik bir kunlik umumiy boylik o‘sishi hisoblanadi. Reytingda keltirilgan dunyoning eng boy 500 kishisining boyligi o‘rtacha 3,5%ga oshgan.
Eng katta foyda sayyoraning eng boy odami, biznesmen Ilon Mask bo‘lib chiqdi, uning boyligi bir kunda $36 mlrdga oshdi. Undan keyingi o‘rinda $26 mlrdga boyigan Meta rahbari Mark Sukerberg turibdi. Nvidia Corp. vakili Jensen Xuangning boyligi $15,5 mlrdga oshdi.
Foiz hisobida Carvana rahbari Ernest Garsiya III boshqalarga qaraganda ko‘proq pul ishlab topdi, u o‘z boyligini 25%ga — 1,4 mlrdga oshirdi.
Bir kunlik o‘sish bo‘yicha avvalgi rekord — $233 mlrd 2022-yil mart oyida AQSh Federal zaxira tizimi rahbari Jerom Pauell bir necha yil ichida birinchi marta stavkalarni oshirganidan keyin o‘rnatilgan edi, ammo iqtisodiyot barqaror bo‘lib qolayotganini aytgan edi.
Donald Tramp 9-aprel kuni kutilmaganda 10-apreldan boshlab kuchga kirishi rejalashtirilgan dunyo mamlakatlaridan keltirilayotgan tovarlarga import bojlarini joriy etishni 90 kunga to‘xtatib turishini e’lon qildi.
Uning bayonotidan so‘ng, Amerika S&P 500 indeksi 2008-yildan buyon eng sezilarli o‘sishni qayd etdi, Nasdaq Composite indeksi esa 24 yil ichidagi eng yuqori ko‘rsatkichga erishdi.
Indekslar Trampning bojlarni joriy etish haqidagi bayonotidan keyin boshlangan bir necha kunlik pasayishdan so‘ng ko‘tarila boshladi.