Yaponiya birinchi marta o‘zbekistonlik haydovchilarni ishga olishni boshlaydi. Bu haqda Migratsiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Agentlik mas’ullari bilan Shimizu Corporation qurilish kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Unda tashkilotda hozir 150 nafar O‘zbekiston fuqarolari qurilish hamda ishlab chiqarish sohalarida vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgani qayd etildi.
Tomonlar fuqarolarni Yaponiya hududi bo‘ylab ishga jalb qilishni kengaytirish va qabul kvotasini ko‘paytirishga qaratilgan memorandumni imzoladi.
10-aprel kuni o‘nga yaqin fuqaro Shimizu Corporation kompaniyasiga ishga jo‘natildi. Qurilish sohasidagi ishlar uchun ularga oyiga $1000 dan boshlab ish haqi taqdim etiladi. Shuningdek, qo‘shimcha ish uchun ustamalar beriladi.
Migratsiya agentligi va Yaponiyaning Office Wise ta’lim tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolangan. Uning doirasida fuqarolar Yaponiyada yuqori talabga ega sohalar bo‘yicha yapon tiliga tayyorlanadi.
Dastur 6 oy davom etib, nomzodlar yapon tilini N4 darajagacha o‘rganishlari mumkin. Shu bilan birga, fuqarolar maxsus malakali ishchi vizasini (Tokutei Ginou) olishga tayyorlanadi.
Avvalroq o‘zbekistonliklar Kanadaga ishga qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Nomzodlar 18−50 yoshda, ish stajiga ega bo‘lishi hamda ingliz, ispan yoki fransuz tilini bilishi kerak.